O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2020-yilga borib mamlakatimizda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari 800 dan oshadi
2016-08-23 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasida amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
«O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari M.Boshmanov va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan islohotlar aholining gaz mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji uzluksiz qondirilishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Kompaniya faoliyatini yanada takomillashtirishda Prezidentimizning 2006-yil 8-avgustdagi «O‘ztransgaz» aksionerlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridagi gazni qayta ishlash zavodlari faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda avtomobillarga gaz to‘ldirishga mo‘ljallangan 475 kompressor stansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2020-yilga borib ularning sonini 809 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 21-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2013-yilgi investitsiya dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, kompaniya tomonidan tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini amaliyotga joriy etishga kirishildi. Loyiha dastlab poytaxtimizning Yunusobod va Toshkent viloyatining Qibray tumanlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, iste’molchilarga 108 ming 615 dona hisoblagich o‘rnatiladi.
2015-yilning iyun oyidan gaz ta’minoti va iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn rejimda olish imkoniyatini taqdim etadigan veb-portal ishga tushirildi. Hozirgi paytgacha tizimdan 500 ming foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tib, o‘z shaxsiy kabinetini ochgan. Aholiga gaz berilishini nazorat qilish hamda hisob-kitoblarni yurituvchi «L Gas», «Fossa» dasturlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.