O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sirdaryo tumanida sanoat jadal rivojlanmoqda
2016-08-19 | Iqtisodiyot
Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va qulay investitsiya muhitini yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor joylarda yangi sanoat korxonalari tashkil etish, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Maqsadli davlat dasturlarining amalga oshirilishi yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyat ko‘rsatishida muhim ahamiyat kasb etayotir.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasini Sirdaryo tumanidaerishilayotgan yutuq va marralar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Shu davrda tumanda o‘ndan ortiq yirik ishlab chiqarish obyekti, 25 qo‘shma korxona ishga tushirildi.
Prezidentimizning 2013-yil 18-martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi farmoni tuman iqtisodiyoti yuksalishi, aholi bandligi va turmush farovonligi yanada yaxshilanishida alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Markaziy Osiyoda yagona “Peng sheng” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida dastlab uy-joylar uchun kafel ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilgan bo‘lsa, keyinchalik terini qayta ishlashga mo‘ljallangan “Peng sheng charm”, eksportbop poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Peng sheng shoes”, zamonaviy uyali telefon ishlab chiqaradigan “Peng sheng xingshen”, shuningdek, uy hayvonlari uchun ozuqa ishlab chiqaradigan “Peng sheng feed” va “Peng sheng casing” korxonalari ish boshladi.
“Peng sheng” negizidagi 7,5 million dollar yo‘naltirilgan “AWP” korxonasida eksportbop santexnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulot mis va rux metallari qorishmasi – latundan tayyorlanadi. Mahsulot ishlab chiqarishda asosan mahalliy xomashyodan foydalanilayotgani uning tannarxi arzon bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Sifatli, xaridorgir va yaroqlilik muddati yuqori bo‘lgan va xorijda ishlab chiqarilayotgan turdoshlaridan ikki barobar arzon bu mahsulotlarga talab yildan-yilga ortmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, glazur ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ydik, – deydi “Peng sheng” qo‘shma korxonasi yetakchi mutaxassisi G‘ofurjon Ahmedov. – Bu loyiha o‘zlashtirilgach, tayyor qurilish materiali – kafelga shu yerning o‘zida tovlanuvchi jilo berish imkoniyati yaratildi. Kelgusida import o‘rnini bosuvchi ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishni rejalashtirganmiz.
2013-2016-yillarga mo‘ljallangan sanoat salohiyatini rivojlantirish hududiy dasturi doirasida tumanda 2015-yilda sanoat yo‘nalishida 6 million dollar va 90,4 milliard so‘mlik 58 loyiha, xizmat ko‘rsatish tizimida 5,6 milliard so‘mlik 373 loyiha, qishloq xo‘jaligida 3,8 milliard so‘mlik 35 loyiha amalga oshirildi. Farmatsevtika sohasida qiymati 22 milliard so‘mlikdan ortiq 3 loyiha hayotga tatbiq etilishi hisobidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun 250 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Tumandagi “Reka medfarm” korxonasida oyiga 2 million flakonga 19 nomdagi dori quyilib, mamlakatimizdagi dorixona hamda shifoxonalarga yetkazib berilmoqda, xorijga eksport qilinmoqda. So‘nggi ikki yilda ushbu korxonada 637 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 1 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
“Temur medfarm” korxonasida tibbiyot preparatlari ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi amalga oshirilishi natijasida ofloksatsin antibiotigi va flukonazol eritmasi ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. E’tiborlisi, mazkur korxona ish boshlashi bilan hamkor korxonalar faoliyati ham rivojlanmoqda. Masalan, “Sirdaryo universal oyna”, “Farm plast xolding” korxonalarida farmatsevtika mahsulotlari uchun turli idishlar tayyorlanmoqda.
Kimyo va neftkimyo sanoati sohasida qiymati 28,7 milliard so‘mlik 3 loyiha amalga oshirildi. Buning samarasida “Sirdaryo Mega lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida polietilen qoplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Tekstil va to‘qimachilik sohasida qiymati 5,5 milliard so‘mlik 4 loyiha ishga tushirilishi evaziga 145 yangi ish o‘rni yaratildi. “Neokotton teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida paypoq ishlab chiqarish sexi tashkil etilgani ham o‘nlab yoshlarni ish bilan ta’minlash imkonini berdi.
– Shahrimiz mustaqillik yillarida yirik sanoat markaziga aylanmoqda, – deydi Baxt shahar hokimi Kamoliddin Samadov. – Istiqlol arafasida shaharda faqat paxta zavodi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 10 dan ziyod katta-kichik korxona samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Masalan, “Baxttexfarm” tumandagi yirik farmatsevtika korxonasidir. 39 turdagi tibbiyot vositalari ishlab chiqarilayotgan korxonada 500 dan ortiq yoshlar bandligi ta’minlangan. Paxta xomashyosini qayta ishlashga mo‘ljallangan “Baxt paxta tozalash”, “Baxt moy invest” aksiyadorlik jamiyatlari, qishloq xo‘jalik texnikalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan “Baxtselmash” va boshqa ko‘plab kichik sanoat korxonalari shular jumlasidandir.
Sirdaryo viloyati hududiy eksport hajmining 54,3 foizi ushbu tuman hissasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda “Sirdaryo universal oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 5 grammdan yarim litrgacha sig‘imdagi turli infazion idishlar, “Sirdaryo keramik production” mas’uliyati cheklangan jamiyatida keramik plitalar, “Ceramic raw materials” korxonasida kafel va keramik mahsulotlar uchun bo‘yoq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. “Sirdaryo Mega Lyuks” korxonasida qop ishlab chiqarishning ikkinchi liniyasini ishga tushirish, “Asila textile collection” korxonasida paxmoqli gazlama, sochiq va xalatlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi asosida “Baxtselmash”, “Temur medfarm” va “Reka medfarm” korxonalarida mahalliy xomashyodan import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilayotgani bozorda narx barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tumanda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, bog‘dorchilik va chorvachilikni yanada rivojlantirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi xonadonlari va fermer xo‘jaliklari issiqxonalarida qishin-yozin sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirilib, asosiy qismi xorijga eksport qilinayotir. Prezidentimizning joriy yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Tumanda bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilib, ko‘plab ijtimoiy-maishiy inshootlar qurildi. 6 kasb-hunar kolleji, 1 akademik litsey, Baxt maxsus o‘g‘il bolalar kolleji, 3 musiqa va san’at maktabi yangidan barpo etildi, 40 umumta’lim maktabi, 23 maktabgacha ta’lim muassasasi, 3 bolalar va o‘smirlar sport maktabi qurildi. Bolalar va o‘smirlar sport maktabi, bitta shifoxona va yana shuncha poliklinika rekonstruksiya qilindi.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Sirdaryo tumanida ham yuksak samaralar bermoqda. 2015-2016 o‘quv yilida tumandagi kasb-hunar kollejlarini 1 ming 875 yigit-qiz tamomladi. Ularning aksariyati to‘rt tomonlama shartnomalar asosida ishga joylashtirilgan bo‘lsa, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan 129 nafar bitiruvchiga tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratildi.
Davlatimiz rahbarining yuqorida keltirilgan qarori asosida qurilgan va 16 xonadonga mo‘ljallangan 2 qavatli “Kamolot” uyi mustaqilligimizning 25-yillik bayrami arafasida yosh oilalarga topshiriladi.
Barcha sohalardagi bunday ulkan yuksalish va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va Prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz manfaatini ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir.