O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kasaba uyushmalari tashkilotlarining bayramoldi aksiyalari
2016-08-19 | Jamiyat
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi o‘rinbosari D.Ahmedov, O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori F.Ma’sudov va boshqalar inson qadr-qimmatini ulug‘lash, haq-huquqlarini ta’minlash, har bir yoshga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish Prezidentimizning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilishning qonuniy asosi, aniq mexanizmlari ishlab chiqilgan. Jumladan, imkoniyati cheklangan yoshlarning malakali ta’lim-tarbiya olishi, iste’dodini ro‘yobga chiqarishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan o‘tkazilayotgan “Kasaba uyushmalari – bolalarga!”, “Har kim mehr-e’tibor og‘ushida”, “Kasaba uyushmalari – faxriylarga!”, “Vatan o‘z vatanparvarlarini xotirlaydi”, “Kasaba uyushmalari – harbiylarga!”, “Hech kim mehr-e’tibordan chetda qolmasin” aksiyalari aholini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Kasaba uyushmalari – talabalarga!” aksiyasi yuksak intellektual salohiyatli, chuqur bilim va dunyoqarashga ega, mamlakat taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yoshlarni har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan tadbirlardan biridir.
Tadbirda ushbu aksiya doirasida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘zi ojiz talabalar, iqtidorli talaba-qizlarga kasaba uyushmasining stipendiyalari topshirildi.
– Kasaba uyushmalari stipendiantiga aylanganimdan xursandman, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Surayyo Hasanova. – Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda yosh avlod manfaatlari va aholining barcha qatlamini ijtimoiy himoya qilish yo‘lida kuch ham, mablag‘ ham ayalmaydi. Buni har birimiz o‘z hayotimiz misolida ko‘rib, bilib turamiz. Ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lish, bor kuch va iqtidorimiz bilan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shib yashash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Tadbirning madaniy-ma’rifiy qismi Furqat nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida davom etdi. Bu yerda “Kasaba uyushmalari – xotin-qizlarga!” aksiyasi doirasida kam ta’minlangan oilalar a’zolariga elektr-maishiy texnika jihozlari, kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriyalarda salomatliklarini tiklash uchun bepul yo‘llanmalar berildi.
Konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.