O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Har xonadonda bayram shukuhi
2016-08-19 | Jamiyat
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mustaqilligimizning yigirma besh yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T.Norboyeva va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, inson va uning manfaatlariga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Buning samarasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularga zarur tibbiy, ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Ezgu maqsad yo‘lidagi bu sa’y-harakatlarda kasaba uyushmalarining ham o‘z o‘rni bor.
Tadbir doirasida tumandagi yolg‘iz va ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Bir guruh xotin-qizlarga elektr maishiy texnika jihozlari, sanatoriyaga yo‘llanmalar topshirildi.
– Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz oldidan bunday tadbirlar viloyatimizning chekka hududlarida o‘tkazilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi T.Sarimsoqov. – 362 nafar oilaga elektr maishiy texnika jihozlari, 7 kishiga sog‘lig‘ini tiklash uchun sihatgohga yo‘llanma berildi. 29 iqtidorli talaba-yosh kasaba uyushmalari stipendiyasi sertifikatini oldi. Xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Tadbirda san’atkorlar ishtirokida konsert namoyish etildi.