O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mehnatga munosib rag‘bat
2016-08-19 | Jamiyat
Namangan viloyatida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida mustaqilligimizning 25-yilligi bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatrida tashkil etilgan tadbirda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida samarali mehnat qilayotgan kasaba uyushma tashkilotlari a’zolari, mehnat faxriylari, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Prezidentimizning shu yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari va ularning samaralari xususida yoshlarga atroflicha tushuncha berildi.
– Mustaqilligimizni mustahkamlashda, iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanib, hayotimiz tobora farovonlashib borishida mamlakatimizda inson va uning manfaatlari ustuvorligiga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T.Norboyeva. – Bugungi tadbir ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatga hamohang holda jamiyat hayoti va islohotlarda faollik ko‘rsatayotgan ishchi-xizmatchilarni munosib rag‘batlantirish, xotin-qizlar, ayniqsa, qishloq ayollari va yoshlarni, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda bir guruh xotin-qizlarga zamonaviy maishiy texnika vositalari, mehnat faxriylariga sanatoriyalarga yo‘llanmalar topshirildi, iqtidorli talabalar esa kasaba uyushmalari stipendiyasi sertifikati bilan rag‘batlantirildi.
San’atkorlar ijrosidagi konsert ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.