O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda inklyuziv ta’lim loyihasi samaralari
2016-08-19 | Jamiyat
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli milliy strategiya loyihasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Evropa Ittifoqi hamkorligida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim» loyihasi doirasidagi ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, markazlar, oliy ta’lim maskanlarining vakillari, pedagoglar, huquqshunoslar, ekspertlar ishtirok etdi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori V.Alimova, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktorining birinchi o‘rinbosari X.Zikrillayev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar kuchli ijtimoiy himoya tamoyiliga tayanishi, har bir farzandning ta’lim olishi, huquq va manfaatlarini ta’minlashi, qiziqishi va layoqatiga mos kasb-hunar egallashiga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Ta’lim, bola huquqlarining kafolatlariga oid milliy qonunchilik millati, ijtimoiy, tibbiy holatidan qat’iy nazar, barcha bolalarning to‘laqonli ta’lim olishi uchun teng huquqiy zamin yaratmoqda. Fiziologik imkoniyati turlicha bo‘lgan bolalarning umumta’lim maktabida birgalikda tahsil olishini nazarda tutuvchi inklyuziv ta’lim alohida ehtiyojli o‘g‘il-qizlarning jamiyatga faol integratsiyalashuvida, ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch, iroda va qat’iyatni mustahkamlashda, yosh avlodda bag‘rikenglik, mehr-muruvvat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishda katta ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda inklyuziv ta’limga oid bir qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligidagi «O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim» loyihasi 2014-yildan boshlangan. 2016-yilning sentabr oyiga qadar mo‘ljallangan mazkur loyiha doirasida 15 maktab va 15 maktabgacha ta’lim muassasasiga alohida ehtiyojli bolalar keng jalb etildi. Pedagog xodimlar, tibbiy-pedagogika va psixologik komissiyalarda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning mas’uliyati, kasb malakasi oshirildi. Yurtimizning turli hududlarida faoliyat boshlagan resurs markazlari alohida ehtiyojli bolalar, ularning ota-onalariga, oilalar, inklyuziv ta’limga daxldor mutaxassislarga zarur maslahatlar bermoqda.
Bu boradagi sa’y-harakatlarning izchil, tizimli, o‘zaro muvofiqlashtirilgan tarzda, ijtimoiy sheriklik asosida olib borilishi tibbiy imkoniyati har xil bo‘lgan bolalarni umumiy ta’limga kengroq jalb etish, o‘quvchilar, pedagoglar, mahalla, keng jamoatchilikning ijtimoiy inklyuziyaga oid xabardorligini yanada oshirishning muhim omilidir.
– O‘zbekistondagi inklyuziv ta’lim bu sohadagi xalqaro andozalarni o‘zida to‘liq uyg‘unlashtirgani bilan birga, barcha uchun teng, ochiq va bir xil sharoitlarning yaratilgani, insonparvarligi bilan diqqatga sazovor, – deydi «O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim» loyihasi rahbari Stefaniya Alishauskiyene. – Bu yo‘nalishda uzoq muddatli milliy strategiyaning qabul qilinishi qonunchilik, inklyuziv ta’lim amaliyotini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davra suhbatida muhokama etilgan masalalar bo‘yicha fikr almashildi.