O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Puxta amaliyot – bandlikning muhim omili
2015-12-24 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va ularning bandligini ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, bank-moliya tuzilmalari mutasaddilari, kasb-hunar kollejlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi A.Shodmonov, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktorining birinchi o‘rinbosari X.Zikrillaev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimini isloh etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizda yangicha fikr va dunyoqarashga ega avlodni voyaga yetkazish, real iqtisodiyotning turli jabhalari uchun zarur mutaxassislar yetkazib berishda ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
O‘qitish tizimidagi yangilanishlar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. O‘n ikki yillik uzluksiz ta’limning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan mazkur tizim yoshlarga o‘quv predmetlaridan puxta bilim berishi bilan birga ikki va undan ortiq mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunar o‘rganishida asosiy omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda 1500 dan ortiq kasb-hunar kolleji va akademik litsey barpo etildi. Ushbu bilim maskanlari o‘z me’moriy qiyofasi va texnik ta’minotiga ko‘ra eng yaxshi oliy o‘quv yurtlaridan aslo qolishmasligi bilan diqqatga sazovordir. Kasb-hunar kollejlaridagi zamonaviy o‘quv-laboratoriya, kompyuter va ishlab chiqarish asbob-uskunalari o‘quvchilar uchun umumiy fanlar bo‘yicha nainki to‘liq bilimlarni egallash, ayni vaqtda ushbu o‘quv yurtlaridagi zamonaviy texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirish imkonini ham beradi.
Bugungi kunda yurtimizdagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim maskanlarida bir yarim millionga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga puxta bilim berish, o‘quvchilarning davomati, fanlarni o‘zlashtirishi, ishlab chiqarish amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tashi, kollej bitiruvchilarini uch tomonlama shartnoma asosida ishga joylashtirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Har yili umumta’lim maktablari 9-sinf o‘quvchilarining qiziqish va intilishlari hamda mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqqan holda, kollejlardagi mavjud yo‘nalish va ixtisosliklarga o‘zgartishlar kiritilayotgani korxonalarni zarur mutaxassislar bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Kollejlarda o‘quv va ishlab chiqarish amaliyoti samarali yo‘lga qo‘yilgani yoshlarning bilim va ko‘nikmasi, tajribasi ortishiga xizmat qilmoqda. Korxonalar va kollejlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan uzviy hamkorlik, ishlab chiqarish amaliyotining tizimli tarzda olib borilishi bitiruvchilarni kelgusida ishga joylashtirishda asosiy omil bo‘lmoqda.
Davra suhbatida kollejlarda o‘rta mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish, ish bilan ta’minlashda yosh mutaxassislarning mehnat xavfsizligi va huquqiy himoyasini kuchaytirish, o‘quv-laboratoriya uskunalari, texnik jihozlardan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlikni boshlash istagidagi bitiruvchilar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlarga doir o‘quv kurslarini muntazam tashkil etish, yoshlarni ishga joylashtirishda mahalliy hokimliklar, soliq, bank-moliya tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish yuzasidan fikr yuritildi.