O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir
2023-08-31 | Jamiyat
Toshkent shahrida 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi katta tantana qilindi.
Bayramda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bu qutlug‘ sana bilan tabrikladi.
Mamlakatimiz rahbari o‘tgan davrda O‘zbekiston turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozitsiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllanganini ta’kidladi.
– Siz, azizlarning Vatanga mehr va sadoqat bilan qilayotgan har kunlik mehnatingiz O‘zbekiston mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, Istiqlol bayrami – barchamizning bayramimiz, mustaqil O‘zbekiston – barchamizning faxrimiz, iftixorimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Albatta, xalqimiz mustaqillikka, bugungi farovonlikka osonlik bilan erishmagan. Bu yo‘lda ajdodlarimizning siyosiy va ma’rifiy intilishlari so‘nggi bir yarim asr davomida deyarli to‘xtamagan. Istiqlolga intilgan millat qahramonlari zulm va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Mamlakatimiz mustaqilligi tufayli ularning pok nomlari tiklanmoqda.
Mustabid tuzum davrida xalqimizning yeri, kuchi, bor salohiyati faqat dehqonchilikka yo‘naltirildi. “O‘zbek” deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, ta’lim tizimini izdan chiqardi.
Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, majburiy mehnatga va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. O‘qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi. O‘zbekiston xalqaro “qora ro‘yxatlar”dan chiqarildi.
Siyosiy mustaqillik zamirida eng avvalo iqtisodiy mustaqillik yotishi hech kimga sir emas. Mehnat va mashaqqatlar bilan bu asos mustahkamlanib bormoqda. So‘nggi 6 yilda yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 martadan ziyod, tadbirkorlik subyektlari soni 2 karra ko‘paygani, sanoatdagi o‘sish 40 foizdan oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
– Lekin biz bugun bilan kechagi kunni emas, bugun bilan ertangi kunni taqqoslashimiz, ishimizni shu asosda tashkil etishimiz kerak. Zero, kelajak bugun biz tashlayotgan qadamlardan boshlanadi, – dedi Prezident.
Mamlakatimiz intilayotgan taraqqiyotning asosi ta’lim ekani ta’kidlanib, bu sohada qilinayotgan ishlar qayd etildi.
– Agar 3 ming yillik tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ota-bobolarimiz asrlar mobaynida dunyo tamadduniga nafaqat jismoniy, balki intellektual mehnati bilan ulkan hissa qo‘shganiga guvoh bo‘lamiz. Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma’rifat, ma’naviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos bo‘lgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli an’analar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda. Men ishonaman, biz bu tarixiy yo‘lni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari o‘z nutqida bugun mamlakatimiz oldida turgan muhim masalalarga jamoatchilik e’tiborini tortdi. Ekologiyani asrash, suv, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq o‘tish, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi dolzarb ekani qayd etildi.
– Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar – bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli bo‘lgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham o‘ylab, oqilona foydalanishimiz shart, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish ekani ta’kidlandi. Bu haqda gapirar ekan, Prezident ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitratning “xotin-qizlar – bu “millat onalaridir” degan so‘zlarini yodga oldi.
Insoniyat oxirgi yillarda qattiq sinovlar bilan yuzma-yuz kelgani, bunda irodasi mustahkam va birlashgan xalqlar barqaror rivojlanishi ta’kidlandi.
– O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak! Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz, – dedi Prezident.
Xalqimiz hamisha tinchlik tarafdori bo‘lib kelgani, olis va yaqin mamlakatlar bilan do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlantirilishiga urg‘u berildi.
Oldindagi vazifalar qanchalik ulkan va murakkab bo‘lmasin, ularni elimiz birgalikda hal etishga qodir ekani ta’kidlandi.
– Tarixdan ma’lum: vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir. Bugun mehnatkash, mard va olijanob, mehr-oqibatli elimiz ayni shunday xalq bo‘lib maydonga chiqmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz bu yo‘lda fidokorona mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizga, butun xalqimizga minnatdorlik bildirdi.
– Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan xalqimiz hamisha omon bo‘lsin! Go‘zal yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lsin! Jonajon Vatanimizga ko‘z tegmasin! Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin, – deya so‘zini yakunladi Prezident.
Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Unda erksevar ajdodlarimiz orzusi, bugungi ozodlik shukuhi, xalqimizning kelajakka ishonchi va umidlari ifodalandi. Mamlakatimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlar xotirasi yodga olindi. Mumtoz kuy-qo‘shiqlarda xalqimizning boy san’ati va qadriyatlari, folklor-etnografik jamoalarning chiqishlarida O‘zbekiston turli madaniyatlarni birlashtirgan makon ekani yorqin namoyon bo‘ldi.
Tantanali tadbir televideniye va internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti