O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazir O‘zDSMI talabalari uchun ajratilgan qo‘shimcha yotoqxona bilan tanishdi
2023-08-17 | Ta’lim
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov hamrohligida Toshkent geodeziya va kartografiya kollejida bo‘lib, kollejning institutga ajratilgan yotoqxonasini ko‘zdan kechirdi.

Vazir mas’ullarga yotoqxonada yong‘in xavfsizligi ta’minlanganligi, qishga tayyorgarlik darajasi, talabalar uchun zarur bo‘lgan barcha kerakli shart-sharoitlarni yaratishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2023/2024-o‘quv yilida talabalarni turar joy bilan qamrovini oshirish maqsadida Toshkent geodeziya va kartografiya kollejining 245 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonasidan 120 o‘rin O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti uchun ajratilib, bugungi kunga kelib talabalarni qabul qilish uchun shay holatga keltirilgan.
Shuningdek vazir I.Abdurahmonov O‘zbekiston Milliy universitetida talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan tayyorgarlik ishlarini joyiga chiqib o‘rgandi.
Mas’ullarga ko‘ra, yangi o‘quv yili boshlanishida talabalarni yotoqxonaga joylashtirish uchun 300 nafar ko‘ngilli hamda 100 nafar tyutor jalb qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, fakultetlar kesimida harakatlar dasturi belgilangan. Shuningdek, mavjud bo‘sh yotoq o‘rinlari haqida tezkor ma’lumot berish uchun mo‘ljallangan alohida talabaga ko‘mak markazlari tashkil etilayotganligi haqida axborot berildi.
Vazir ushbu markazlar faoliyati samarali yo‘lga qo‘yish hamda ish hajmini to‘g‘ri taqsimlash borasida tegishli tavsiyalarini berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi