O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kon-geologiya vazirligining birinchi yarim yillikdagi faoliyati hamda ruxsat etuvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari shaffofligi yuzasidan matbuot anjumani
2023-07-26 | Iqtisodiyot
Joriy yil 26-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida 2023-yilning birinchi yarmida geologiya, konchilik va metallurgiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 2023-yilning birinchi yarim yilligida vazirlik va uning tizimosti korxona, tashkilotlarida foydali qazilma konlarini sanoat usulida o‘zlashtirish, zamonaviy texnologiyalar yordamida geologiya-qidiruv yo‘nalishini jadallashtirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, 2023-yil yanvar-iyunda mineral xomashyo bazasini rivojlantirish davlat dasturi doirasidagi geologik loyihalar, burg‘ilash ishlari, yer usti tog‘-kon ishlari, yer osti tog‘-kon ishlari (lahmlar, shurflar), seysmik qidiruv va 3D seysmik qidiruv ishlari xususida ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida joriy yilning olti oyi davomida jami 22 ta, jumladan 1 ta oltin, 1 ta mis, 2 ta uglevodorod, 5 ta yer osti suvlari hamda 13 ta noruda istiqbolli maydonlarida geologiya-qidiruv yakunlanib, aniqlangan sanoatbop zaxiralar Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangani qayd etildi. 2023-yil yanvar-iyun oylarida Investitsiya dasturidagi 15 ta geologik loyihalar doirasida jami 61 mln dollar (rejaga nisbatan 154 foiz) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida hozirgi kunda yer qaʼridan foydalanish, quduq burg‘ilash va suvdan foydalanish uchun ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, yer osti suvlari, yer osti suvlariga quduq burg‘ilash, suvdan maxsus foydalanish, noruda xomashyosidan foydalanish bo‘yicha ruxsatnomalar olish tartibi, strategik turdagi qazilmalarga auksionga qo‘yilgan obyektlar, oltin izlovchilar usulida faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Shu bilan birga, ruxsatnomalardagi investitsiya majburiyatlarni bajarilishi bo‘yicha viloyatlar kesimida monitoring o‘tkazilib, 68 ta uchastka davlat balansiga qaytarilib, ularni elektron auksionga chiqarish choralari ko‘rilgani, 2023-yilda texnogen xavfi yuqori bo‘lgan xavfli ishlab chiqarish obyektlariga kadastr pasportlari tuzilib, umumiy davlat kadastr elektron tizimiga joylashtirilgani, yer qaʼridan foydalanish, quduq burg‘ilash va suvdan foydalanish uchun ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari shaffof va inson omilisiz ko‘rsatib kelinayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda jurnalistlarni “yashil energetika” uchun zarur resurslar zaxirasi, foydali qazilmalarning turlari, geologik qidiruv ishlari davomida tabiatga zarar keltirmaslik yuzasidan qilinayotgan ishlar, oltin izlovchilar usulida faoliyatni amalga oshirish, neft va gaz zaxirasi va yana boshqa qiziqtirgan savollariga spikerlar, ekspertlar hamda mas’ul xodimlar tomonidan javoblar qaytarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati
va geologiya vazirligining Axborot xizmati
Manba: O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi