O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O’zbekiston-Mo‘g‘uliston: agrar sohadagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
2023-07-10 | Iqtisodiyot
Bugun O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Mo‘g‘ulistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Dorj Bayarkhuu bilan uchrashdi.
Uchrashuvda 2004-yilda Mo‘g‘uliston Toshkentda ShHTning birinchi kuzatuvchi davlatiga aylangani ramziy ma’no kasb etishi, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti esa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga katta turtki bo‘lgani e’tirof etildi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Battsetseg Batmunkhning tashrifi chog‘ida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiya tuzish to‘g‘risidagi Bitim imzolangani, joriy yilning sentyabr oyida Mo‘g‘uliston oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Bolorchuluun Khayangaa bilan uchrashishni rejalashtirganini aytib o‘tdi.
Joriy yilning 16-18-mart kunlari Qishloq xo‘jaligi vazirligining ishchi guruhi Hukumatlararo komissiyaning kun tartibini tayyorlash, shuningdek chorvachilik sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish maqsadida Mo‘g‘ulistonda bo‘lib qaytgani, ayni damda esa Mo‘g‘ulistonda chorva mollarini birgalikda ko‘paytirish va keyinchalik go‘shtni qayta ishlash uchun O‘zbekistonga eksport qilish imkoniyatlari o‘rganilgani, mazkur loyihaning amalga oshirilishi boshqa sohalarda ham keng ko‘lamli sanoat kooperatsiyasiga zamin yaratishi ta’kidlandi.
O‘z o‘rnida elchi Dorj Bayarkhuu agrar sohadagi hamkorlikning har ikki davlat uchun manfaatli bo‘lishiga urg‘u berar ekan, O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalar o‘zining shirinligi va tabiiyligi bilan alohida ajralib turishi, aynan mana shu jihatlari uchun Mo‘g‘ulistonda yurtimizda yetishtirilgan mevalarga talab kattaligini aytib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar agrar sohadagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, va hamkorlikda ishlab chiqiladigan loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi