“Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznes hamda mikromoliyalash” mavzusiga bagʻishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi
Joriy yilning 6-iyul kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov boshchiligida “Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznes hamda mikromoliyalash” mavzusiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbir Toshkent shahridagi “Trilliant” mehmonxonasida oʻtkazildi.
Unda Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, xalqaro moliyaviy institutlar va Germaniya, Yaponiya, Singapur kabi davlatlardan bir qator ekspertlar ishtirok etdi.
Davra suhbati uch qismdan iborat boʻlib, birinchi qismda yoshlar va ayollar, raqamli hamda innovatsion tadbirkorlikka qaratilgan iqtisodiy siyosat, moliyaviy ommaboplik, raqobat muhitini oʻz ichiga olgan Oʻzbekistonda Kichik va oʻrta biznes rivojlantirishning yangi strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Tadbir davomida amalga oshirilgan islohotlardan chiqarilgan saboqlar, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish hamda moliyaviy resurslardan foydalanishni yaxshilashni keyingi bosqichlarga olib chiqishning muhim yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
Ikkinchi qismda mikromoliyalash sohasini yanada rivojlantirish, kichik va oʻrta biznes subyektlarining moliyalashtirish imkoniyatlarini yaxshilash, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishda mikromoliya institutlarining rolini oshirish, kichik va oʻrta biznesni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash dasturlaridan olingan natijalar va ularni tijoratlashtirish istiqbollari muhokamasi boʻlib oʻtdi.
Soʻnggi oʻzgarishlarning umumiy koʻrinishi, mikromoliyalashtirishning keyingi bosqichi va mikro, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun moliyaviy resurslardan foydalanishni yaxshilash boʻyicha tavsiyalar tinglandi.
Davra suhbatining uchinchi qismida xalqaro ekspertlar va mahalliy tadbirkorlar bilan interaktiv muloqot oʻtkazildi. Unda Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznes va mikromoliyaviy rivojlanish kontekstida tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tinglash va birlashtirish mavzusi ko‘rib chiqildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi