O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Raqamlashtirish vaziri Latviya Respublikasining sobiq prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi
2023-07-06 | Texnologiyalar
7-iyul kuni 20 dan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida GovTech, EdTech, IT&BPO Outsourcing, Venture kabi mavzularda sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan global Digital Leadership Forum (Raqamli yetakchilik forumi) bo‘lib o‘tadi. Forumda dunyoning 300 dan ortiq kompaniya va tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Ushbu forum doirasida bugun, 6-iyul kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Latviya Respublikasining sobiq prezidenti Raymonds Veyonis hamda Latviya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Reynis Troksha bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda dastlab Digital Leadership Forum haqida mehmonlarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda raqamlashtirish, IT sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan birga, BPO va KPO xizmatlarini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirishga e’tibor qaratildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda xorijiy IT-kompaniyalar va rezidentlar uchun barcha sharoit yaratilgani aytib o‘tildi.
Uchrashuvda mehmonlar Digital Leadership kabi forumlar O‘zbekiston IT sanoatini yanada rivojlantirishi, xorijiy yetakchi kompaniyalarning e’tiboriga tushishi uchun muhim qadam bo‘lishini ta’kidlashdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi