O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya bilan 2,2 mln dollarlik shartnoma imzolandi
2023-07-05 | Iqtisodiyot
Bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Takashi Hatori, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqotda dastlab, mamlakatimiz taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, kunchiqar mamlakat vakillari bilan hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Yaponiya hukumati tomonidan 20-yildan ortiq vaqt mobaynida moliyalashtirilayotgan mazkur loyiha doirasida, Yaponiyaning taniqli universitetlarida 390 nafar O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayni paytdagi bosqichida mamlakat taraqqiyotiga eng katta hissa qo‘shayotgan vazirlik va idoralar vakillari tahsil olish imkoniga ega boʻldi. Ularning barchasi Oʻzbekistonga magistrlik va doktorlik darajasi bilan qaytib, hozirda xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Loyiha doirasida iqtisodiy iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish, davlat moliyasini boshqarish, biznesni boshqarish, huquq, tibbiyot, ta'lim, qishloq va suv xo‘jaligi resurslarini rivojlantirish yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. Mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash uchun iqtisodiyotimizning aynan shu sohalari yuqori malakali kadrlar talab etiladi, – dedi vazir I.Abdurahmonov.
Muhokamalarda, shuningdek kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida, xususan qoʻshma loyiha doirasida Oʻzbekiston fuqarolarining Yaponiya universitetlarida magistratura va doktoranturada tahsil olishi haqida soʻz bordi.
IIbrohim Abdurahmonov uchrashuvda Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Takashi Hatori va JICAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumiga Oʻzbekistonda taʼlim rivojiga qoʻshayotgan hissasini yuksak qadrlagan holda samimiy minnatdorlik bildirdi.
Shundan soʻng, tomonlar oʻrtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Dastlab, Oʻzbekiston hukumati nomidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I. Abdurahmonov hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob T. Hatori oʻrtasida 2,2 mln dollar qiymatidagi kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar loyihalari doirasida Almashinuv notasi hamda ushbu loyihani bajarish boʻyicha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan Grant Bitimi imzolandi.
Ushbu loyiha doirasida kelasi yilda yana 18 nafar magistraturada va 1 nafar doktoranturada vazirlik va idoralar vakillariga oʻqish imkoni yaratilmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston kelajagiga mas’ul kadrlarga mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan kasbiy bilimlarni egallash hamda uni rivojlantirishga hissa qo‘shish imkonini beradi.
Yigʻilish yakunida tomonlar ushbu kelishuv Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishini ta’kidlashdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi