O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida
2023-07-04 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 4-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti Lyudger Shuknext bilan uchrashdi.
Ma’lumot uchun: Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ko‘p tomonlama rivojlanish instituti hisoblanadi. Uning maqsadi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida moliyaviy hamkorlikni rag‘batlantirish, Osiyoda yo‘llar va aeroportlar qurishdan tortib, aloqa antennalari va arzon uy-joylar qirishgacha bo‘lgan infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishdir. Hozirgi kunda 80 dan ortiq davlat OIIBga aʼzodir.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va OIIB o‘rtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, mavjud loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati muhokama qilindi.
Xususan, energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, transport va tibbiyot kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 2,4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 13 ta loyihani o‘z ichiga olgan OIIBning O‘zbekiston Respublikasidagi joriy investitsiya portfeli hajmining o‘sishining ijobiy dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi. 2023-yil mart oyidan buyon Bank tomonidan energetika sohasida loyihalarni amalga oshirish doirasida davlat kafolatisiz 415 million dollari miqdoridagi 3 ta kredit liniyasi ma’qullandi.
Lyudger Shuknext O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va OIIB hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.
“O‘zbekiston biz bilan loyihalarning uch yillik sikli bo‘yicha hamkorlik qilayotgan birinchi davlatdir. Bizning asosiy e’tiborimiz, albatta, infratuzilmani barpo etish, inson kapitalini mustahkamlash, xususiy sektorni rivojlantirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini oldini olish bo‘yicha global masalalarni ilgari surishga qaratilgan. Mamlakatingiz bilan samarali hamkorligimizni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz”, — dedi u.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma loyihalarni sifatli amalga oshirish va o‘zaro munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan faol hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi