O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston TIV rahbari Turkiy investitsiya fondi prezidentini qabul qildi
2023-07-03 | Siyosat
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Turkiy investitsiya fondi prezidenti va Turkiy davlatlar tashkiloti sobiq bosh kotibi Bag‘dod Amreyev bilan uchrashdi.
«Turkiy investitsiya fondi prezidenti va Turkiy davlatlar tashkiloti sobiq bosh kotibi Bag‘dod Amreyev janoblari bilan uchrashishdan mamnunmiz, - deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram kanalida. -TDTga aʼzo davlatlar o‘rtasida moliyaviy aloqalar va sarmoyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish yuzasidan fikr almashdik».
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining «Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari» mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish natijalari bo‘yicha Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirishga qaratilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Bundan tashqari, TDT Bosh kotibi lavozimiga Kubanichbek Omuraliyev nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi