O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Agrar sohadagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi
2023-06-23 | Iqtisodiyot
Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Avstraliya sug‘orish kanallarini avtomatlashtirish konsorsiumi vakillari bilan uchrashdi.
Samimiy ruhda boshlangan uchrashuvda dastlab ikki tomon o‘z imkoniyatlari va aniq maqsadlarini bayon etishdi.
Shundan so‘ng, Avstraliya sug‘orish kanallarini avtomatlashtirish konsorsiumi vakillari O‘zbekistondagi ayrim suv obyektlari bilan tanishganlarini va bu borada hamkorlik qilish istagida ekanliklarini bildirishdi.
Ma’lumki, dunyoda suv iste‘moli demografik o‘sish va iqtisodiy rivojlanish bilan hamohanglikda ortib bormoqda. Shuningdek, odamlarning suv resurslariga ta‘siri natijasida hamda iqlim o‘zgarishi tufayli ularning miqdori pasaymoqda. Mamlakatimiz suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, ulardan samarali foydalanish, suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, suvni tejash masalalariga alohida e‘tibor qaratilmoqda va uni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish ko‘lami kengaytirilmoqda. Bu esa, qishloq xo‘jaligida suvni sezilarli darajada tejashga va undan samarali foydalanishga hamda ekinlarning hosildorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuniyam alohida qayd etish joiz, mamlakatimiz suv xo‘jaligiga raqamli texnologiyalarni joriy etishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan suv xo‘jaligi obyektlarida suv resurslarini monitoring qilish va boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlarini bosqichma-bosqich amaliyotga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Bunga misol sifatida yaqinda amalga oshirilgan «Mirishkor-Qamashi kanalida gidro-inshootlarni modernizatsiya qilish» pilot loyihasini keltirishimiz mumkin. 13,8 km uzunlikdagi kanalda «Rubicon Water» kompaniyasining 25 ta qopqoqlari o‘rnatilgan. Loyiha Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqining grant mablag‘laridan foydalangan holda amalga oshirildi.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari tomonidan taqdim etilgan ushbu ma’lumotlar Avstraliya sug‘orish kanallarini avtomatlashtirish konsorsiumi vakillarida kata qiziqish uyg‘otdi va hamkorlikning dastlabki qadamini qo‘yishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi