O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi va xavfsizlik boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish masalasi muhokama qilindi
2023-06-22 | Ekologiya
Joriy yilning 20–21-iyun kunlari Toshkentda Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi va xavfsizlik boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkolik Tashkilotining Iqtisodiy va ekologik faoliyati koordinatori ofisi hamda Berlin tahlil markazi "Adelfi" tomonidan tashkil etildi.
Mazkur seminarda tog‘li va pasttekislikdagi iqlim bilan bog‘liq muammolar hamda ularni birgalikda hal qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida tog‘li hududlarda turmush sharoiti, muzliklar erishining tog‘li va pasttekislik hududlariga hamda shu hududlarda yashovchi aholi hayotiga ta’siri, buning natijasida yuzaga keladigan xavflarni bartaraf etish bo‘yicha erta ogohlantirish va migratsiya kabi masalalar haqida ham so‘z yuritildi.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilar Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi va xavfsizlik boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi