O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlikka oid barcha talablarning elektron reyestri yuritiladi
2023-06-13 | Texnologiyalar
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning aniq maqsad va chegaralarini belgilash, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish – biznes va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning muhim omillaridan hisoblanadi.
Bugungi kunda tadbirkorlikni tartibga soluvchi 6 mingdan ortiq meʼyoriy-huquqiy va 40 mingta texnik hujjatlar mavjud. Ulardagi mavjud ayrim eski talablar biznesni rivojlantirish, yangi mahsulotlar, texnologiyalar va xizmatlarni joriy etishni qiyinlashtirmoqda.
Tadbirkorlarning asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, masalan oziq-ovqat, umumiy ovqatlanish, qurilish va boshqa sohalarda ikkilamchi talablarning ko‘pligi tadbirkorlarning o‘z faoliyatini rivojlantirishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mazkur to‘siqlarni bartaraf qilish, biznes uchun qo‘yilgan talablarni tizimlashtirish maqsadida 2022-yil 9-noyabrdagi PF–244-son Prezident Farmonida tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestrini joriy qilish belgilangan.
Elektron reyestrga tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish vositalari bo‘yicha o‘rnatilgan barcha talablar, ularning muddatlari, moliyaviy xarajatlar, muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar, nazorat qiluvchi organlar, tekshiruv shakllari hamda javobgarlik choralariga oid maʼlumotlar kiritilishi lozim.
Reyestr ikki bosqichda shakllantiriladi, birinchi bosqich – 2023-yilda qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, taʼlim va transport sohalaridagi majburiy talablar reyestrga kiritiladi.
Ikkinchi bosqich – 2024-2025-yillarda barcha sohalardagi majburiy talablar reyestrga kiritilib 2025-yil 1-iyuldan to‘liq ishga tushiriladi.
Har bir majburiy talabning dolzarbligi tanqidiy tahlil qilinib tartibga solish taʼsiri baholashdan o‘tkaziladi hamda ularning soni qisqartiriladi.
Reyestrga kiritilmagan talablar bo‘yicha tadbirkorga nisbatan javobgarlik belgilanmaydi.
Joriy yilning 13-iyunida Adliya vazirligida tashkil qilingan “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona elektron reyestridagi maʼlumotlarni shakllantirish” mavzusidagi o‘quv seminarda yuqoridagilar muhokama qilindi.
O‘quv seminarda sohaga masʼul 15 ta vazirlik idoralarning xodimlari va mutaxassislar ishtirok etishdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi