O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Samarqanddagi zamonaviy massiv loyihasi bilan tanishdi
2023-06-06 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida "Shirin" massivining master rejasi taqdimoti bilan tanishdi.
Bu mahalla xalqaro aeroport yaqinida, Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan. So‘nggi yillarda Samarqandda amalga oshirilgan bunyodkorlikka munosib tarzda ushbu hududda zamonaviy massiv qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 389 gektar yer ajratilgan.
Loyihaga ko‘ra, massivda ko‘p qavatli uylar, maktab va bolalar bog‘chalari, poliklinikalar, sport maydonlari va ko‘ngilochar maskanlar bo‘ladi. Yirik biznes va savdo majmualari iqtisodiyot rivojiga, ish o‘rinlari ko‘payishiga qo‘shimcha impuls beradi. Massivni shahar bilan bog‘lovchi ko‘prik va yo‘llar, infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari loyihani ilg‘or shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti