Joriy yilning 2-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Antonella Bassani bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh. Kudbiyev A. Bassanini Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vitse-prezidenti lavozimiga tayinlanganligi bilan hamda Oʻzbekistonga ilk marotaba tashrifi bilan qutladi. Kelgusida hamkorlik yangi bosqichga olib chiqilishiga umid bildirildi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Ilhom Norqulov, tegishli tarkibiy tuzilma rahbarlari hamda Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova, Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, loyihalar boʻyicha menejeri Raximjan Assangaziyev, yetakchi iqtisodchi Devid Nayt, vitse-prezident maxsus yordamchisi Silviya Malgioglio ishtirok etdi.
Uchrashuv kun tartibida Jahon bankining joriy investitsion loyihalar portfeli hamda 2023–2024-yillardagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
A.Bassani: “Oʻzbekistonda erishilgan makroiqtisodiy barqarorlikni barcha eʼtirof etmoqda. Oʻzbekiston bunga erishgan mintaqadagi sanoqli mamlakatlardan biridir. Oxirgi 3 yilgi inqirozli davrda juda kam sonli mamlakatlar bunga erishgan”.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida xorijiy hamkorga bugun xalqaro maydondagi geosiyosiy vaziyatga qaramay, mamlakatimizda aholi daromadlari oshayotgani, tadbirkorlik, xususan, kichik biznes rivojlanayotgani iqtisodiy oʻsish zamin yaratayotgani haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, Islohotlar dasturi doirasida mamlakat uchun muhim boʻlgan energetika, telekommunikatsiyalar, kimyo sanoati, transport, ijtimoiy va gender kabi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha fikrlar almashildi. Jahon banki bilan hamkorlikda mazkur yoʻnalishlardagi ishlarni davom ettirishga kelishildi.
Jahon banki vakillari tomonidan bir sohada amalga oshiriladigan islohotlar iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari rivojlanishiga taʼsir koʻrsatishi hamda ularning transformatsiyasiga hissa qoʻshishi alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, uchrashuv doirasida Jahon banki bilan “Chorvachilik sohasini rivojlantirish, 2-bosqich” hamda “Moliya sektorini isloh qilish” loyihalari boʻyicha hujjatlar imzolandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikdagi loyihalarni kelgusida jadal rivojlantirish, belgilab olingan vazifalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi