O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
2023-06-02 | Jamiyat
1 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq birinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatorlar dastlab “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bilan bir qatorda bugungi kunda ayrim yo‘nalishlarda muammolar saqlanib qolmoqda.
Jumladan, bir qator qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tushuntirish berilgan bo‘lsa-da, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish va nazorat qilishning aniq mexanizmlari belgilanmagan.
Qolaversa, sohada yagona amaliyotni shakllantiruvchi vakolatli organ mavjud emas, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari, shuningdek, ularning rahbarlari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘lishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, qonunchilik hujjatlarida javobgarlik masalalari nazarda tutilmagan.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etishi bilan birga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi manfaatlar to‘qnashuvi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Senatorlarning qayd etishicha, qonun bilan uning qo‘llanilishi doirasi aniqlashtirilmoqda.
Xususan, qonun davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga, ustav fondida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Shuningdek, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs ushbu xodimga aloqador shaxs hisoblanishi mustahkamlanmoqda.
Eng muhimi, davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar belgilanmoqda.
Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar sifatida mustahkamlanmoqda.
Qonunda davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzishning huquqiy oqibatlari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan va tuzilgan bitimlarni sud tartibida haqiqiy emas deb topish asoslari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishning aniq qonuniy mexanizmi belgilanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda davlat nazoratining amalga oshirilishiga, davlat xizmatchilarining bevosita rahbarlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuzaga kelganda tegishli choralar ko‘rilishiga, davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldi olinishiga erishiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun aholining bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, norasmiy bandlik ulushini qisqartirish, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Qonun bilan Soliq kodeksiga va “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risidagi” qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasining amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan, endilikda yillik bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorida soliq to‘lashi belgilanmoqda.
Shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’iy nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi belgilanmoqda.
Shu sababli “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonundan yer uchastkasi maydoniga qo‘yilgan talablar chiqarib tashlanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi mahallalarda ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlikni qisqartirishga, rasmiy bandlar soni oshishiga hamda fuqarolarning ish stajiga va pensiya yoshiga yetganda o‘zi uchun maqbul pensiyaga ega bo‘lishi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning iqtisodiyotini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, investitsiya jalb qilish imkoniyatini oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini ta’minlash orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurati yuzaga kelmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun bilan Soliq kodeksiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i 2028 yil 1 yanvarga qadar 50 foizga kamaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanmoqda, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq esa shaharlar hududida faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar uchun 12 baravarga, tumanlar darajasida 6 baravarga kamaytirilmoqda hamda yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida belgilanmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) konsullik yig‘imini hamda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun undiriladigan davlat bojini to‘lashdan 2027 yil 1 oktyabrga qadar ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Mazkur qonun Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga, tadbirkorlikni rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga, nodavlat ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, parlament yuqori palatasining mazkur yalpi majlisida “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Senatorlar tomonidan muhokama qilingan ushbu qonun bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etgan aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 7 ta moddada nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar tegishliligi belgilanmoqda.
Ushbu ishlarni ko‘rib chiqishga hamda jarima tariqasidagi ma’muriy jazo qo‘llashga haqli bo‘lgan mansabdor shaxslar, shuningdek, Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzishga haqli bo‘lgan ushbu organlar tuzilmalarining mansabdor shaxslari belgilanmoqda.
Shu bilan birga Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari mansabdor shaxslariga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ba’zi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolati berilmoqda.
Senatorlar mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikning so‘zsiz ijro etilishini, shuningdek, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning profilaktikasini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Ushbu qonun davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining ekologik huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlashda, atrof-muhitni muhofaza qilish va undan foydalanish faoliyati ustidan samarali nazoratni o‘rnatishda alohida e’tiborga molik hisoblanadi.
Shuningdek, qonunning qabul qilinishi tabiiy resurslarni, ya’ni suv ob’ektlariga oqova suvlarni oqizish, yerusti suvlarini, atmosfera havosini hamda atrof-muhitni chiqindilar bilan ifloslantirish holatlarini keltirib chiqaruvchi ob’ekt yoki sub’ektlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rilishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq birinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati