O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Misr delegatsiyasi bilan qand lavlagi yetishtirish borasidagi hamkorlik muhokama qilindi
2023-05-30 | Iqtisodiyot
Qishloq xo‘jaligi vazirligida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Misrning “Orascom Investment Holding” kompaniyasi raisi Najib Saviris boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Misr investitsiyalari ishtirokida O‘zbekistonda qand lavlagini yetishtirish va shakar ishlab chiqarish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. O‘zbekistonga 2022-yilda umumiy qiymati 2,2 mlrd dollarga teng kundalik oziq-ovqat mahsulotlari import qilingan bo‘lib, uning asosiy qismini to‘rt turdagi oziq-ovqat mahsulotlari – go‘sht mahsulotlari, don mahsulotlari, kungaboqar yog‘i va shakar tashkil etgan.
Shu jihatdan, Misr tomoni bildirgan qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga qiziqish O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi. Ushbu hamkorlik loyihasi uchun Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani va Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yer maydonlari bilan tanishish taklif etildi. “Orascom Investment Holding” kompaniyasi vakillari loyihaning dastlabki fazasida taxminan 200–300 mln dollar miqdorida investitsiya kiritilishi, 30–50 ming gektar yer maydonida qand lavlagi yetishtirilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik ishlarini jadallashtirishga kelishib olindi va qat’iy rejalar belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi