O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poliz mahsulotlari eksporti davom etmoqda
2023-05-29 | Iqtisodiyot
Bugungi kunda O‘zbekistonning meva-sabzavot va poliz mahsulotlariga xorijda o‘ziga xos talab shakllanib ulgurdi. Yangi bozorlarda esa ayni mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish tobora o‘sib bormoqda.
Bu Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat delegatsiyalarining tinimsiz muzokara va kelishuvlarida ayon bo‘layotgan haqiqat. Bahor oylari yurtimizda qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun xayrli keldi. Sohada faoliyat yuritayotgan mirishkorlar mehnat mahsullarini ichki va tashqi bozorga yo‘naltirishni boshladilar. May oyida bu mahsulotlarga bo‘lgan talab keskin oshganini kuzatish qiyin emas.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ishchi tashrif doirasida Surxon zaminining qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari bilan tanishuvini davom ettirdi. Sohadagi rivoj va taraqqiyot omillariga diqqatini qaratdi.
Birgina misol: Surxondaryo viloyati Termiz tumani agro-tarmoq tadbirkorlari shartnoma va kelishuvlarga amal qilgan holda yetishtirilgan zamin ne’matlarini xorij bozoriga chiqarishda qo‘llari-qo‘lga tegmay mehnat qilyaptilar. Aslida yurtimiz bo‘ylab bugun mana shu jarayon ayni qizigan. Yuk avtomobillarining tinimsiz gurillashi va odamlarning dala va saralash omborlarida gavjum bo‘lishi mana shu xayrli amalning ifodasi.
Termiz tumani misolida fikrimiz davom etadi. Tadbirkor Azamat Musurmonov umumiy maydoni 7 gektarlik yerni ijaraga olib, tarvuz va qovun urug‘larini qadagan. 5 gektar yerga ekilgan “Dolbi” navli tarvuz 70 kunda pishib yetilgan. Gektaridan 50 tonnaga yaqin hosil olish mo‘ljali bor. Shunday chiqayapti ham. 1 ta ko‘chat o‘rtacha 18-20 kilogramm mahsulot bermoqda. Bozordagi narxdan hisob-kitob qilsak, gektaridan 500 million so‘mga yaqin daromad ko‘rish mumkin. Bu bugungi kun eksport bozori qiymatidagi hisob. Yondosh egatga qaraymiz: 2 gektar yerga qovunning “Danara” navi ekilib, ayni pishiqchilikka yetib keldi. Tilimi tilni yoruvchi qovunlar ham eksport sari yo‘l olgan. Gektaridan 30 tonna, jami 60 tonna hosil yig‘ish rejasi mavjud. Boisi, har gektarga 10 ming dona ko‘chat qadalgan. Foyda ham chakki emas: 120 million sof foyda deyapti tadbirkor.
Barcha samara aslida ishni to‘g‘ri tashkil qilishga bog‘liq. Avvallari qamishzor bo‘lgan yerni obod qilib, boz ustiga hosildor zaminga aylantirish chakana ishmas. To‘kilgan har tomchi ter natija bilan o‘zini oqlamog‘i darkor. Plyonka ostiga ekish, “Duga” uslubidagi keyingi bosqichdagi parvarish o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatayapti. Xorij bozoriga dalaning o‘zidan ortilgan mahsulot yo‘l olmoqda. Bu davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida band bo‘lgan tadbirkorlar uchun yaratib berayotgan sharoitining amaliy ifodasi, aslida.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi