Jahon banki vakillari bilan uchrashuv: hamkorlikdagi loyihalar yangi bosqichga ko‘tarildi
Joriy yilning 26-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Jahon bankining O‘zbekistondagi vakili Marko Mantovanelli bilan uchrashdi.
Tet-а-tet tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda tegishli departament va boshqarma vakillari ishtirok etdi.
Muloqot boshida M. Mantovanelli Jahon bankini doimiy qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorligini bildirdi.
Uchrashuv davomida Jahon bankining O‘zbekiston bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Нamkorlik dasturi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muayyan ustuvor yo‘nalishlari asosida ishlab chiqilgan va aniq natijalarga erishishga qaratilgan sheriklik uchun asos yaratadigan hujjat ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ushbu dastur davomida hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi:
- inklyuziv iqtisodiy o‘sish va uni rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini ta’minlash;
- inson kapitalini rivojlantirishga sarmoya kiritish;
- “yashil” iqtisodiyotiga o‘tish.
Shu bilan birga, energetika bozorini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalar bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi