O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Air Products kompaniyasi O‘zbekiston gaz-kimyo sanoatiga 1 milliard dollar sarmoya kiritadi
2023-05-25 | Iqtisodiyot
2023-yilning 25-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Air Products” kompaniyasi va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida “Air Products” kompaniyasi tomonidan 1 mlrd. dollarlik investitsiya evaziga Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy gazni qayta ishlash qurilmasini rivojlantirish bo‘yicha Investitsiya shartnomasi imzolandi.
Tabiiy gazni qayta ishlash sanoat majmuasi dunyodagi eng zamonaviy energetika korxonalaridan biri bo‘lgan “Uzbekistan GTL” zavodining ajralmas qismi bo‘lib, yiliga 1,5 million tonna yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaradi va kelajakda ichki isteʼmol va eksportga yo‘naltiradi.
Maʼlumot uchun: 2021-yil 25-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi “Uzbekistan GTL” majmuasi ishga tushirilgan edi. Ushbu majmua dunyoda beshinchi hisoblanadi. Bungacha Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika va Malayziyada ham shunday yirik majmualar qurilgan.
“Air Products” direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasem shartnomani quyidagicha sharhladi: “O‘sish surʼati yuqori bo‘lgan mamlakat – O‘zbekistonda ushbu strategik hamkorlik orqali biz eng ilg‘or texnologiyalar va bilimlarimizni qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu kelishuv yuqori sifatli arzon yoqilg‘i ishlab chiqarish va o‘sib borayotgan ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi. Biz ushbu uzoq muddatli va barqaror sheriklikni rivojlanishini kutmoqdamiz, shuningdek, O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlaridan mamnunmiz.
Marosimda taʼkidlanganidek, “Air Products” kompaniyasi tajribasidan “Uzbekistan GTL” zavodida — tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish orqali samaradorlik oshiriladi, mahsulot tannarxi pasaytiriladi va zararli chiqindilarni kamaytirishga erishiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi