O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osama Al Shafar bilan velosport rivojining yangi loyihalari muhokama qilindi
2023-05-22 | Sport
Bugun Toshkentga Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Osama Al Shafar tashrif buyurdi. Martabali mehmonning ushbu safardagi ilk manzili Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi boʻldi.
Janob Al Shafarni MOQda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov kutib olishdi. Shundan soʻng tomonlar “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun quriladigan yangi velotrek majmuasining loyihasini muhokama qilish, velosportning mamlakatimizdagi ommaviyligini kuchaytirish mavzusida uchrashuv oʻtkazishdi.
Unda MOQ raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Kozim Oʻrinboyxoʻjayev ham ishtirok etishdi. Dastavval Adham Ikramov yurtimizda velosportning ommaviyligini oshirish, professional sport bilan shugʻullanayotgan atletlarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar, bu borada Prezidentimiz boshchiligida milliy federatsiya raisi bilan olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, kun tartibiga muvofiq “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun quriladigan Olimpiya shaharchasi va undagi velotrek majmuasi xususida fikr almashildi. Oybek Kasimov loyiha boʻyicha batafsil maʼlumot berar ekan, uni qurishda har bir sport turidagi ekspertlar bilan ish olib borilayotgani, inshootlar barcha zamonaviy talablarga javob berishi xususida gapirdi. Oʻz navbatida, loyiha bilan tanishgan mehmon unga yuqori baho berib, Osiyo velosport konfederatsiyasi ham jarayonda har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida Olimpiya shaharchasidagi velotrek majmuasi bitgach poytaxtimizda yirik nufuzli musobaqalarni oʻtkazish, mahalliy murabbiy va hakamlarning malakasini oshirish uchun seminarlar tashkil etish, yurtimizda velosport ommaviyligini oshirishda xorij tajribasini oʻrganish kabi mavzularda atroficha fikr almashildi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi