O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston – Gruziya iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlari kengaymoqda

2023-05-19 | Iqtisodiyot

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbarlari hamda hamkor davlatlar moliya sohasi yetakchilari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, qator kelishuvlarga erishildi.

Xususan, Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev va Gruziya moliya vaziri Lasha Xutsishvili bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston – Gruziya munosabatlarning joriy holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Qayd etish joiz, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini joriy etish hamda iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish kabi muhim vazifalar belgilangan. Bugun mazkur yo‘nalishlarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq qilish borasida ishlar olib borilmoqda. 

Uchrashuvda L. Xutsishvili: “– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi aynan Samarqandda bo‘lib o‘tayotgani O‘zbekistonning kelgusida iqtisodiy rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Biz bugungi uchrashuvda transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildik. Bugungi dunyoda ro‘y berayotgan geosiyosiy vaziyat O‘zbekistonning Yevropa mamlakatlariga mahsulotlarni yetkazib berishning yangi yo‘nalishlarini ochishni taqozo etmoqda. Biz bu yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyormiz” dedi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida transport-logistika sohasida yechimini kutayotgan masalalarni ko‘rib chiqish, ushbu yo‘nalishda yangi loyihalarni ishlab chiqish xususida fikr almashildi. 

Jumladan, Gruziya tomoni o‘z hududidagi portlar, transport koridorlari orqali mahsulotlarni Yevropa bozoriga yetkazib berishda amaliy yordam berishga tayyorligini, shuningdek, mamlakatda qurilishi rejalashtirilayotgan Anakliya portidan foydalanish masalasi ko‘rib chiqilishi, bu o‘z navbatida O‘zbekistonning xalqaro bozorga chiqish imkoniyatini yanada oshirishini ma’lum qildi. 
 
Uchrashuvda moliya vaziri L. Xutsishvili O‘zbekiston tomonini yangi hamkorlik kelishuvlarini ishlab chiqish va muhokama qilish uchun Gruziyaga taklif qildi.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Поделиться