O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senat Raisi Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan uchrashdi
2023-05-19 | Yoshlar
Joriy yilning 18-may kuni parlament yuqori palatasida Senat Raisi hamda senatorlarning Yoshlar parlamentining barcha aʼzolari bilan muloqot oʻtkazildi.

Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan tadbirda Yoshlar parlamenti faoliyati tahlili, uni yanada rivojlantirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish, ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, rejalarni belgilab olish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, 11-aprel kuni Prezident raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda Oliy Majlis palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlariga bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Yoshlarga oid davlat siyosati yuritilishida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu borada Yoshlar parlamenti bilan vazirlik va idoralarning bevosita hamkorligini yoʻlga qoʻyish, yoshlarning muammolarini aniqlashda Yoshlar parlamenti imkoniyatlaridan foydalanish, ushbu muammolarni xalq deputatlari mahalliy Kengashlari muhokamasiga olib chiqish va ijobiy hal qilish kabi masalalar shular jumlasidandir.
Senat Raisi tomonidan Yoshlar parlamenti oʻz faoliyatida eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan ayrim masalalarga toʻxtalib oʻtdi.
– Senat tashabbusi bilan yalpi majlislarda Yoshlar parlamenti aʼzolarining ishtirok etish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Yaʼni qonun ijodkorligi jarayonida barchangiz faol ishtirok etyapsiz. Albatta, bu borada yanada faol boʻlishingiz kerak, bu sizlar uchun katta maktab. Senatning yalpi majlislarida senatorlar tomonidan ayrim hududlarda koʻtarilgan masala boshqa hududlar uchun ham dolzarb boʻlishi mumkin. Shu maʼnoda Yoshlar parlamenti aʼzolari hududlardagi yoshlar uchun muhim boʻlgan masalalar boʻyicha faollik koʻrsatib, xalq deputatlari tuman, shahar, viloyat Kengashlariga yoki Senatning tegishli qoʻmitalariga takliflar kiritsa, biz ularni Senat Kengashi yoki Senat yalpi majlisi muhokamasiga olib chiqishga tayyormiz. Shuningdek, Yoshlar parlamentining xalqaro hamkorlik yoʻnalishdagi faoliyatini jonlantirish fursati yetdi. Nafaqat MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi, balki kengroq miqyosda — jahon xalqaro parlament tuzilmalari maydonlariga ham chiqish zarur. Xususan, Yevropa Ittifoqi, Osiyo mamlakatlari AQSH parlamentlari bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, tajriba almashish maqsadga muvofiq boʻladi.
Har biringiz “Biz kuchlimiz, Oʻzbekiston juda ham salohiyatli va men uning drayveriman, bilimim bor faqat men bilan shu islohot boʻladi” degan fikrda boʻlishingiz kerak — deya, taʼkidladi Senat Raisi.
Uchrashuvda shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini aholiga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, qolaversa, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida»gi Qonunni yoshlarning takliflari asosida qayta koʻrib chiqish jarayoniga Yoshlar parlamenti aʼzolarini keng jalb qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Yoshlar parlamenti aʼzolari ijtimoiy hamkorlik tamoyili asosida ishlashi uchun vazirlik va idoralarga biriktirilgani maʼlum qilindi. Yangi tizimga asosan endilikda har bir aʼzo oʻzi biriktirilgan vazirlik va idoralarga har oyda kamida bir marotaba tashrif buyurib, u yerda yoshlar bilan ishlash holatini hamda yosh xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganadi. Shuningdek, yoshlarga oid qonunchilik ijrosi ustidan jamoatchilik monitoringini olib boradi.
Shu bilan birga, vazirlik va idoralar yoshlar bilan ishlash boʻyicha faoliyatining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, qisqa, oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan strategiyalarni belgilab oladi hamda ularni amalga oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.
Muloqot davomida Yoshlar parlamenti aʼzolari yoshlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdilar. Xususan, Yoshlar parlamenti hududiy aʼzolarining har oyda bir marotaba viloyat hokimlari bilan uchrashuvini tashkil etish orqali yoshlar muammolarini muhokama qilish, Senat yalpi majlislarida yoshlarga oid dolzarb masalalarda fikr bildirish, ularning ham muzokaraga chiqish imkoniyatini yaratish, xalqaro uchrashuvlar va hamkorlik aloqalarini tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirib oʻtdilar.
Uchrashuv soʻnggida bildirilgan takliflardan kelib chiqib, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha Yoshlar parlamenti ish rejalarini qayta koʻrib chiqish, kerak boʻlsa, alohida dastur tayyorlash yuzasidan tavsiyalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati