O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar Hukumatning Davlat dasturi ijrosi yuzasidan taqdim etgan hisobotini ma’qulladilar
2023-05-12 | Siyosat
2023-yil 11-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasining “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil birinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisoboti keng muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Davlat dasturida belgilangan tadbirlarning bajarilishini ta’minlash va doimiy monitoring olib borish yuzasidan yaxlit tizim yaratildi, tegishli taqvim-jadval tasdiqlandi. Davlat dasturi bajarilishi har oyda tahlil qilinib, topshiriqlar ijrosi yuzasidan haftalik monitoring yuritildi, mas’ullarning hisobotlarini eshitib borish tartibi joriy etildi.
Davlat dasturida belgilangan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiqilishida hukumat va parlament o‘rtasida yaqin hamkorlikda faoliyat olib borildi. Qonunchilik palatasining qo‘mitalari va hukumat tomonidan nazorat-tahlil tadbirlari doirasida ko‘tarilgan masalalarni birgalikda hal etish amaliyotidan unumli foydalanildi.
Hisobot davrida Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan jami 41 ta hujjat qabul qilingan. Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlili, statistik ko‘rsatkichlar iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi islohotlarning samaradorligini ta’minlash, hududlarni kompleks rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishilganligini ko‘rsatmoqda.
Qayd etilganidek, yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,5 foizga o‘sgan. Davlat budjeti daromadlari 47,3 trln. so‘mga ijro etilgan. Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Davlat budjetidan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlar 18,1 trln. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan. Hisobot davrida jami qiymati 2,55 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, tovarlar va xizmatlar eksporti 3,2 mlrd. dollarga yetgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 6,2 trln. so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi tasdiqlanib, uning doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish bo‘yicha umumiy qiymati 37,8 mlrd. so‘mga teng 31 ta loyiha moliyalashtirilgan.
Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar doirasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etiladigan va maqbullashtiriladigan 72 turdagi davlat xizmatlari va servislarini elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlangan.
Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar bajarilgan. Jumladan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga o‘qitish maqsadida 78 ming nafar xotin-qizlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilgan.
Shuningdek, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini yanada oshirish, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish maqsadida 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolangan. Xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan fuqarolarning bandligini ta’minlash va ularni reintegratsiya qilish maqsadida 80,2 ming nafarga yaqin fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga jami 70 ming 798 nafar yosh kiritilib, ularning 24 ming 467 nafariga kontrakt to‘lovi, mehnat qurollari uchun mablag‘, muddatli hariy xizmat badali, haydovchilik kurslari, kasb-hunarga o‘qish va davolanish kabi yoshlar orasida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi xarajatlar uchun 21,9 mlrd so‘m qoplab berildi.
Majlisda qayd etilganidek, Davlat dasturidagi joriy yil birinchi choragida jami 59 ta yaxlit va kichik bandning ijrosini ta’minlash belgilangan bo‘lib, shundan 53 tasining ijrosi to‘liq bajarilgan, 6 tasining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.
Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda deputatlar Davlat dasturining ayrim bandlarida belgilangan vazifalarning dolzarbligidan kelib chiqib, ularning ijrosi to‘liq ta’minlanib, aniq natijalarga erishilmaguniga qadar kelgusi choraklarda ham bu kabi bandlarni ijrodan olib tashlamasligini alohida qayd etishdi.
Davlat dasturining ijrosiga oid hisobot yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi o‘z nuqtai nazarini, fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘zLiDeP fraksiyasi partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, Davlat dasturining milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi. Fraksiya a’zolari raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirish maqsadida “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi” tasdiqlangani, unga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish bo‘yicha umumiy qiymati 37,8 mlrd. so‘mga teng 31 ta loyiha moliyalashtirilganini e’tirof etishdi. Shuningdek, Davlat dasturining har bir bandida xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlar safini kengaytirishdek muhim maqsadlar turganini aytib, ularning ijrosini o‘z vaqtida, sifatli ta’minlash bo‘yicha qator takliflar berdi.
O‘zMTDP fraksiyasi deputatlari ta’kidlaganidek, fraksiya yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalarining 6 ta ta’lim muassasasida xorijiy ekspert ishtirokida ichki va tashqi ta’lim sifatni ta’minlash amaliyotini joriy etish, professional ta’lim xodimlariga mehnatga xaq to‘lashni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar borasida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha ko‘rib chiqildi. Shundan kelib chiqib, fraksiya ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, pedagog va tarbiyachilar tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish, jarayonga yangi yondoshuvlarni joriy qilish yuzasidan takliflar berishdi.
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish choralari ko‘rilayotganini e’tirof etib, amaliyotda bu borada hali-hanuz ayrim muammolar, xususan, inson omili saqlanib qolayotganligi, shu bois, ayrim sohalarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi holatlarning oldini olish, advokatura instituti jozibadorligini yanada oshirish orqali sohaga yosh kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratish, advokaturaga ishga qabul qilish tartibini yanada soddalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
O‘zXDP fraksiyasi vakillari ta’kidlaganidek, Davlat dasturining ijrosida partiya elektorati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan — adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlarida e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, fraksiya Hukumat kelgusida ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafarini talabgor kasblarga o‘qitish hamda ulardan kamida 5 ming nafarining kasbiy malaka darajasi tasdiqlash va ularga malaka pasportlarini taqdim etish, reabilitatsiya markazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish ko‘lamini 5 baravarga oshirish masalalarga alohida e’tibor qaratish zarur deb hisoblaydi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiya a’zolari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahorgi ko‘chat ekish mavsumida 127,7 mln. dona ko‘chat va qalamchalar ekilganini e’tirof etib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda sug‘orish quduqdarini o‘rnatish orkali respublika bo‘yicha jami 1983 gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritilganligi qayd etilib, joriy yilda belgilangan rejani o‘z muddatida amalga oshirish lozimligini qayd etishdi. Shuningdek, Orolbo‘yi hududini ekologik jihatdan tiklash ishlarini kengaytirish, olis hududlaridagi aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash, maishiy chiqindilarni yig‘ish va uni qayta ishlash tadbirlarini o‘z muddatida, sifatli ijrosini ta’minlash borasida taklif va mulohazalar bildirildi.
Savol-javoblarga boy bo‘lgan majlisda deputatlar joriy yilning ikkinchi choragida Davlat dasturining ijrosi ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish, parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish lozimligini qayd etdilar. Bundan tashqari, aholi farovonligini yanada yaxshilash borasidagi tadbirlarning samarali amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi. Mazkur masalalar yuzasidan ham deputatlarning Hukumatga taklif va tavsiyalari berildi.
Majlisda Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi ijrosi yuzasidan taqdim etgan hisoboti ma’qullanib, Hukumatning tegishli faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi