O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusi rejalar muhokama qilindi
2023-05-04 | Sport
3-may kuni BMTning “Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni transformatsiya qilish: nogironligi bor bolalar, yoshlar va ayollar huquqlariga asoslangan yondashuvni O‘zbekistonda joriy etish” qo‘shma dasturini amalga oshirish bo‘yicha 2022-yil yakunlari va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan gibrid formatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha hisobot tinglandi va dasturni amalga oshirish bo‘yicha kelgusi rejalar muhokama qilinib, nogironlik masalalarini qamrab oluvchi siyosat, dasturlarni ishlab chiqishda milliy hamkorlarni salohiyatini oshirish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining BMT shartnoma va ustav organlariga, shu jumladan Nogironlar huquqlari qo‘mitasiga ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish, taqqoslash va hisobotlarni tuzishda imkoniyatlarini oshirish kabi vazifalar belgilandi.
2022-yilda Qo‘shma dasturda ishtirok etuvchi BMT agentliklari milliy hamkorlar bilan birgalikda nogironlikni hisobga olgan holda statistik ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, monitoring, shartnomaviy va ustav organlarga hisobot berish tizimini takomillashtirish orqali dasturlar, rivojlanish strategiyalari va byudjetlarni ishlab chiqishda, barqaror rivojlanish taraqqiyotni kuzatish va nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani joriy qilishda sa’y-harakatlarini yo‘naltirishdi.
Shuningdek, nogiron bolalar va kattalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni boshlashdi.
Qo‘shma dastur o‘z faoliyatini 2022-yil may oyida boshlagan va BMTning UNICEF, BMTTD, UNFPA va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi (OHCHR) kabi BMT agentliklari va dasturlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Dasturning asosiy maqsadi O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalar, yoshlar va ayollarga huquqqa asoslangan yondashuvni joriy etish orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni o‘zgartirishdan iborat.
Dastur hukumat va fuqarolik jamiyatining kuchli qonunchilik va siyosiy bazani, muvofiqlashtiruvchi tuzilmalarni va nogironlar tashkilotlarining o‘rinli ishtirokini mustahkamlash va yaratish orqali barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga sodiqligini kuchaytiradi.
Dasturda nogiron bolalar va kattalar foydalanishi mumkin bo‘lgan, mahalliy darajada ham taqdim etiladigan, insonga yo‘naltirilgan va uning yoshiga mos keladigan xizmatlarni takomillashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ushbu xizmatlar nogironligi bo‘lgan bolalar, ayollar va erkaklarning mustaqil turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va ularni hayotning barcha sohalariga jalb qilish, shuningdek, ularga nisbatan zo‘ravonlik va suiste’mollik holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi