O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston-Germaniya: ikki tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirish

2023-05-02 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Berlinga (Germaniya) tashrifi arafasida 2-may kuni ikki mamlakatning vazirlik va  idoralari, 250 dan ortiq sanoat birlashmalari, yirik kompaniya, xolding va sanoat korxonalari hamda  banklar rahbarlari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Unda kirish so‘zi bilan minbarga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanib borayotganini, bu ikki davlat rahbarlarining ishonchi va siyosiy irodasi tufayli erishilganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi kuzatilib, besh yil ichida ikki baravar oshgani ham aytib o‘tildi. 2022-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari yana 50 foizga ortib, birinchi marta 1 milliard yevrodan oshgani e’tirof etildi. Sarmoyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasida ham izchil dinamika kuzatilmoqda. O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni bir necha yil ichida qariyb 3 barobarga ko‘payib, 200 tadan oshdi. 2017-yildan beri o‘zlashtirilgan nemis investitsiyalarining umumiy miqdori 11 barobar o‘sdi va bugungi kunda 4 milliard yevrodan ortiqni tashkil etmoqda. MAN, CLAAS, Knauf, GP Papenburg, Viessmann, Deutsche Kabel va LEMKEN kabi ko‘plab nemis kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z biznesini faol olib bormoqda va rivojlantirmoqda, shuningdek, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirmoqda.

Germaniya ishbilarmon doiralarining e’tibori mamlakatimizda xorijiy investorlarning qulay mehnat qilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, O‘zbekiston iqtisodiyotining kuchli tomonlariga qaratilmoqda. Ularga yuqori kadrlar resurslari, strategik geografik joylashuvi, MDH davlatlari bilan erkin savdo rejimlari, GSP+ benefisiar maqomi, Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha faol ishlar, boy xomashyo resurslari hamda ushbu maqsadlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalar va tashabbuslarning  mamlakat rahbariyati va hukumatning bevosita qo‘llab-quvvatlashi kiradi.

Uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning eng istiqbolli yo‘nalishlari energetika, kimyo, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, shuningdek, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalaridir.

Germaniya bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish haqida gapiradigan bo‘lsak, forumning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi bilan umumiy qiymati 118 million AQSh dollariga teng 6 ta shartnoma imzolanganini alohida ta’kidlash joiz. Ular qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislari oʻrtasida yangi texnologiyalarni rivojlantirish, taʼlim, tajriba almashishga qaratilgan.

Nemis biznesi vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasini, xususan, mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilganini yuqori baholadi. Shuningdek, hamkorlikni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish borasida qat’iy niyat bildirildi.

Forum dasturi B2B muzokaralar formatida davom etdi. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari kontekstida aniq holatlar va loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Поделиться