O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2023-04-28 | Ekologiya
Tabiat resurslari vazirligida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov va BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Olga Algayerova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha va tashabbuslar hamda kelajakdagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy tajribani hisobga olgan holda “yashil” iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, kadrlar salohiyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Atrof-muhitning holati va tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha O‘zbekistonning milliy ma’ruzasini tayyorlash, hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatimizning BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining ekologik konvensiyalariga qo‘shilish imkoniyatlariga doir masalalar muhokama qilindi.
– “Yashil energiya” sohasida innovatsion loyihalarni keng joriy etish, iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha strategik muhim dasturlarni ishlab chiqish va ekologik ta’lim borasida olib borilayotgan izchil ishlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Aziz Abduhakimov.
BMT tomoni O‘zbekiston Respublikasining cho‘llanish bo‘yicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), joriy yilning kuzida Samarqandda bo'ladigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish tashabbusini yuqori baholadi hamda ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi