O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada faollashadi

2023-04-14 | MDH

Samarqand shahrida 14 aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov, Armaniston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan, Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik, Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Ozarbayjon Respublikasi va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlari Xalaf Xalafov va Vepa Xadjiyev hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Tor va keng doiradagi yig‘ilishlarda Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hamdo‘stlik doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat va texnologik kooperatsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladi. Raqamli transformatsiya, yashil iqtisodiyot, turizm va yoshlar masalalari bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish dolzarbligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda MDHga a’zo davlatlarning ko‘p bosqichli tashqi ishlar vazirliklararo Maslahatlashuvlari rejasi hamda 2022 yilda tashkilotga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish bo‘yicha Harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan axborot eshitildi.

Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning hukumat rahbarlari kengashi va davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar, shu jumladan Samarqand shahrini 2024 yilda MDHning “Madaniyat poytaxti”, Toshkent shahrini esa “Yoshlar poytaxti” deb e’lon qilish bo‘yicha hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.

2023 yilda Belarus Respublikasining Minsk shahrini, 2024 yilda esa Armanistonning Gyumri  shahrini MDHning “Sport poytaxti” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror ma’qullandi.

Yig‘ilish ishtirokchilari imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida MDH davlatlarining spartakiadasi to‘g‘risidagi masalani ham muhokama qildilar. Mazkur sport musobaqalarini har to‘rt yilda bir marta, qishki va yozgi sport turlari bo‘yicha alohida o‘tkazish rejalashtirilgan. Birinchi musobaqalarni 2024 yilda Rossiyada qishki sport turlari bo‘yicha, 2026 yilda yozgi sport turlari bo‘yicha o‘tkazish taklif qilindi. Spartakiadaga Paralimpiya va Surrolimpiya (deflimpiya) sport turlari bo‘yicha sport musobaqalari kiritiladi.

Tashqi ishlar vazirlari kengashi Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetiga Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning jurnalist kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha asosiy oliy o‘quv yurti maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2023 yil 12 oktyabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Bishkek shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yig‘ilishdan so‘ng o‘tkazilgan brifingda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi majlisi yuksak saviyada o‘tgani, tashkilot istiqboli va unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi turli sohalarga oid aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi.

– Keyingi yillarda tashkilotimiz ishini yanada rivojlantirish va a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda O‘zbekiston faol ishtirok etayotganini alohida qayd etishni istardim, – dedi S.Lebedev. – Ayniqsa, keyingi ikki yilda yirik xalqaro forumlar maydoniga aylanib borayotgan Samarqandda bir necha bor uchrashdik. bugungi anjuman ham yuqori saviyada tashkil etilganini barchamiz e’tirof etamiz. Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Fursatdan foydalanib, O‘zbekistonda yaqinda o‘tkaziladigan referendum muvaqqiyatli o‘tishini tilayman va ushbu siyosiy tadbirda ham MDH kuzatuvchilar missiyasi faol ishtirok etishini bildiraman.

Shuningdek Samarqand shahrida Markaziy Osiyo mamlaktlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi.

Samarqand uchrashuvlari turkumini yakunlovchi “Markaziy Osiyo – Rossiya” shaklidagi muloqot mintaqa davlatlari va xalqlari o‘rtasidagi ishonchli va o‘zaro manfaatli aloqalarning dolzarb ahamiyatini tasdiqlayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport, energetika, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Shu tarzda keyingi ikki kun davomida Samarqand yana asosiy xalqaro muloqot maydoni sifatida mintaqaviy va global masalalar muhokama etilgan yirik forumlarga mezbonlik qildi. Unda ko‘rib chiqilgan masalalar mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

G‘olib HASANOV

Manba: O'zA

Поделиться