O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O’zbekiston-Italiya: agrar sohadagi hamkorlik yo‘nalishlari
2023-04-13 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna bilan uchrashdi.
Uchrashuvda vazir bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlik faol sur‘atlarda rivojlanib borayotganini va bu masalalarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘lganidan mamnun ekanligini ta‘kidladi.
Bundan tashqari, Aziz Voitov qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va suvni tejashning zamonaviy tizimlaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlikda ishlash yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Uchrashuvda joriy yilning iyun oyi boshida Italiya Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va o‘rmon siyosati vazirligi bilan oliy darajadagi tashrif oldidan aloqa o‘rnatish masalasi muhokama qilindi. Keyingi mavzu 2023-yil 8-11-may kunlari Milanda bo‘lib o‘tadigan “TuttoFood- 2023” ko‘rgazmasiga to‘xtalindi. Ta‘kidlanishicha, O‘zbekiston asta-sekin qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportchi davlatlaridan biriga aylanib bormoqda va bugungi kunda 100 taga yaqin davlatga 80 dan ortiq turdagi yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib bermoqda.
Ushbu ko‘rgazmada “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” stendida mamlakatimizdan 10 nafar tadbirkor o‘z mahsulotlarini namoyish etadi. “Shuningdek, biz mamlakatlarimiz tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni o‘rnatish uchun Italiyadagi boshqa ko‘rgazmalarda ishtirok etish niyatidamiz. Bundan tashqari, biz mamlakatimizda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda Italiya biznes vakillarini qabul qilishga tayyormiz”, – dedi Aziz Voitov.
Uchrashuvning navbatdagi masalasi Italiyaning oziq-ovqat sohasidagi yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq bo‘ldi. Masalan, Parmalat (sut mahsulotlari, aylanmasi 6,6 milliard dollar), Cremonini (go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 4,0 milliard dollar), Ferrero (qandolat mahsulotlari, 12 milliard dollar), Lavazza (qahva, 1,1 milliard dollar), Barilla holding (makaron, 3,9 milliard dollar), Iritec (suvni tejaydigan texnologiyalar) kabi taniqli kompaniyalar.
O‘zbekiston tomon mehmonlardan ushbu kompaniyalar bilan uchrashuvlarni tashkil etishda ko‘maklashishni so‘radi.
Mamlakatimizning Jizzax viloyati Baxmal tumanida “Opera SRL” va “BMB Trade Group” bilan za’faron yetishtirish bo‘yicha hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi mavjud. Keyinchalik reja asosida uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Uzumchilik agroturizmning asosi – O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalish hisoblanadi. Yaqin kelajakda mamlakatimizda ushbu sohani yangi bosqichga ko‘tarish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Ta‘kidlanishicha, 2022-yilda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy Markazi, Milan universiteti va Italiyaning CREA qishloq xo‘jaligi markazi o‘rtasida Memorandum imzolangan. Ushbu kelishuvlar doirasida o‘zbekistonlik va italiyalik olimlar uzumchilik, o‘simliklarni himoya qilish, meva-sabzavotchilik sohasida ilmiy loyihalarni amalga oshirishni boshladilar. Shu nuqtai nazardan, qishloq xo‘jaligi sohasida bizning universitetlarimizning professor-o‘qituvchilarini malakasini oshirish uchun Italiya universitetlari bilan aloqalarni o‘rnatish muhimdir.
Uchrashuv yakunida tomonlar rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun keyingi o‘zaro kelishuv shaklini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi