O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Energetika vazirligida “Ona tilim – mangu makonim” va “O‘zbekiston joy nomlari” kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi
2023-04-12 | Madaniyat
11-aprel kuni Energetika vazirligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi (Jamg‘arma) tomonidan chop etilgan “Ona tilim – mangu makonim” va “O‘zbekiston joy nomlari” kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi.
Unda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Energetika vazirligi rahbariyati va xodimlari, xususan, Jamg‘arma direktori Azizjon Eminov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Safar Alloyor, Respublika Aerogeodeziya markazi respublika toponimika xizmati mutaxassisi Dilyorbek Qodirov va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mas’ullar tomonidan “Ona tilim – mangu makonim” va “O‘zbekiston joy nomlari” kitoblari taqdimot qilinib, ushbu kitoblarning qator afzalliklari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, markaz tomonidan vazirliklar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimliklarga taqsimot jadvaliga muvofiq ushbu kitoblar foydalanish maqsadida tarqatilgan.
Xususan, Energetika vazirligiga ajratilgan kitoblar mas’ul xodimlarga xizmatda foydalanish maqsadida topshirilgan bo‘lib, ushbu kitoblardan unumli foydalanib kelinayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumot berildi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi