O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent viloyatidagi agrar soha obyektlarida ish qizg‘in davom etmoqda
2023-04-12 | Iqtisodiyot
Davlat rahbari raisligida joriy yilning 23-mart kuni oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berilgan edi.
Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov dam olish kunlari aholini sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, agrar sohada amalga oshirilayotgan bahorgi ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida Toshkent viloyatidagi bir qancha qishloq xo‘jaligi obyektlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlabki manzil Ohangaron tumani “Taraqqiyot” MChJ yer maydoni bo‘lib, bu yerda vazir ekin maydonlar holatini ko‘zdan kechirdi. Ushbu xo‘jalikning jami yer maydoni 121 gektardan iborat. Unda 40 gektar piyoz, 50 gektar bug‘doy, 31 gektar ozuqa ekini ekilgan.
Aziz Voitov “Ohangaron agroinvest” MChJning dala maydonlarida ekilgan 270 gektarlik g‘alla maydonlarning o‘sish jarayoni bilan tanishdi. Yana bir muhim obyektlaridan biri Navoiy, Do‘stlik, O‘rtachirchiq hududlarida yangi tashkil etiladigan suv ombori holatini ham ko‘zdan kechirdi. Ma’lum bo‘lishicha mazkur suv ombori ishga tushirilsa, 3 ming 500 gektar yer maydon suv bilan ta’minlanadi.
Shundan so‘ng, Ohangaron tumanidagi Birlik, G‘allaquduq hududlarida joylashgan “Sunnatov Shuhrat” MChJ uzumchilik faoliyati bilan tanishdi. Ushbu jamiyatning umumiy yer maydoni 276 gektar bo‘lib, shundan 110 gektar yerda uzum yetishtirilmoqda.
Aziz Voitov fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan muloqoti davomida ekin maydonlarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekin holati va ekinlardan yuqori hosil olishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar haqida o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi