O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangilanayotgan Konstitutsiya uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasini belgilab bermoqda
2023-04-10 | Jamiyat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Haitov ishtirokida poytaxtimizdagi INNO-innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparkida yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi.

Spiker oʻrinbosari A.Haitov yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlar haqida toʻxtalar ekan, taklif etilayotgan normalarda insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlash maqsadi mujassamligini, unda aholimiz barcha qatlamlarining manfaatlari aks ettirilgani, taklif va tavsiyalari inobatga olinganini bildirdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarga nafaqat ertangi oʻzgarishlarga sabab boʻladigan muhim kuch, balki jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchi sifatida qaraladi. Yoshlar tom maʼnoda, Oʻzbekistonning eng katta boyligi, yorugʻ kelajagimiz bunyodkori hisoblanib, ular barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etib kelingan.
Bugungi kunda ham yangi Oʻzbekiston yoshlariga har tomonlama eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Yurtimizda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan oʻgʻil-qizlarni tarbiyalash uchun davlatimiz tomonidan barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
—Yangilanayotgan konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasida kelib tushgan koʻp sonli takliflarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. U xalqaro standartlarga, eng muhimi, Oʻzbekiston xalqining xohish-irodasi va orzu-istaklariga toʻliq mos keladi, — deydi A.Haitov. — Masalan, Bosh qomusimizda Oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratilmoqda. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllanitirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi belgilanayapti.
Shuningdek, yoshlarning taʼlim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli boʻlishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti. Davlat shu orqali oʻz zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqdaki, mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bugunga qadar 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani, ularning 60 foizdan ortigʻi bevosita yoshlar tomonidan berilganini alohida qayd etdilar.
Yoshlar tomonidan oʻrtaga tashlangan savollarga Spiker oʻrinbosari batafsil javob qaytardi.
Manba: «Xalq So'zi»