O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirning Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti talabalari bilan ochiq muloqoti
2023-04-06 | Yoshlar
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Vazir dastlab taklif uchun minnatdorlik bildirdi. Vazirning tashrifiga bir guruh universitet talabalarining murojaati sabab bo’ldi. – Muassasamizga tashrifingiz Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev strategiyasining amaliy natijasi bo’lishiga ishonchimiz komil, zero prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yoshlar – mamlakat kelajagi”. Biz yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun prezident va hukumat minnatdorlik bildirar ekanmiz tashrifingiz institutimiz talabalari uchun Vatan farovonligi yo‘lida shaxs sifatida shakllanishimiz va bunyodkorlik yo‘lida ahamiyatli ekaniga ishonchimiz komil”, — deyiladi vazirga yo’llangan murojaatda.
Muloqotda vazir barqaror va samarali innovatsion ekotizimda sifatli ta’lim, ilmiy izlanishlar va ishlanmalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri haqida ma’ruza o‘qidi. Aylanma iqtisodiyotga to‘xtalar ekan, vazir keyingi yillarda O‘zbekistonda innovatsion infratuzilma va ekotizim yaratilib, innovatsion ishlanmalar va ilm-fanni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari joriy etilgani, ilmiy tadqiqotlarga davlat xarajatlari sezilarli darajada oshirilganini ta’kidladi. Jahon mamlakatlarida bugungi kunda kreativ iqtisodiyot ustuvorlik egallamoqda. Uning valyutasi esa g‘oya. Shu bois yoshlar o‘z g‘oyalarini, jumladan, startaplar orqali amalga oshirishlari muhim, dedi vazir.
Savol-javoblar sessiyasida iqtisodiyot, siyosat, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, xususiy OTM lar kelajagi, xotin-qizlarning STEM yo‘nalishidagi o‘rni kabi masalalar ko‘tarildi. Xususan, Shvesiyada innovatsiyalar bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan odamlar yaratilgan yengilliklar masalasida vazir O‘zbekiston tajribasida akademik ta’tillar joriy qilinganini ta’kidladi. Horijiy tajriba ham o‘rganilib, Shvetsiya, Shveysariya kabi mamlakatlar tajribasiga ko‘ra mamlakatimizda "Mirzo Ulug‘bek vorislari" tanlovi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Talabalar ChatGPT misolida sun’iy intellektning mamlakatimizda rivoji haqida ham qiziqishdi. Vazir o‘z o‘rnida sun’iy intellekt texnologiyalari kundan kunga rivojlanib, takomillashib, bu borada qat’iy belgilangan etika qoidalari lozimligini ta’kidladi. Texnologiyalar bugun bo‘lmasa, ertaga jamiyatimizdagi har bir shaxsning hayotiga aralashishi mumkin. Mana shu aralashuvning sarhadlarini belgilash ustida ham sizu biz ishlashimiz darkor, - dedi vazir.
Talabalarning xalqaro tanlovlarda ishtiroki ham muhokama qilinar ekan, I.Abdurahmonov vazirlik tomonidan tashkillashtirilib kelayotgan qator tanlovlar haqida gapirib o‘tdi. Xususan, har yili InnoWeek.uz xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Robotic Challenge musobaqasi, Turkiy dunyo yoshlarining ilm-fan va innovatsiyalar xalqaro kongressi, Turkiyada o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan TechnoFest kabi tanlovlar haqida ma’lumot berib o‘tdi va talabalarni ularda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Vazir universitetda tashkil etilgan Bloomberg Terminal platformasini boshqa universitetlarda ham joriy qilish va bunda WIUT tajribasiga tayanish lozimligini qayd etdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi