O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Gruziya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2023-04-03 | Iqtisodiyot
Toshkentda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Gruziya Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Levan Davitashvili raisligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Gruziya hukumatlararo komissiyasining 9- yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda tegishli vazirlik va idoralar, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Hukumatlararo muloqot doirasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘sishining ijobiy tendentsiyasi qayd etildi. Oxirgi 6 yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshdi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizdan ortiq oshdi. Tomonlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazishga kelishib oldilar. Ushbu maqsadga erishish uchun ikki hafta muddatda oʻzaro savdo missiyalarini, shuningdek, ikki davlat sanoat mahsulotlari koʻrgazmalarini tashkil etish chora-tadbirlarini qamrab olgan 2023-2024-yillarga moʻljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash taklif etildi.
Hududlararo munosabatlarni mustahkamlash haqida so‘z borar ekan, Gruziya va O‘zbekistonning barcha hududlarini qo‘shma loyiha va tashabbuslarga jalb etib hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan birinchi bosqichda Samarqand va Batumi, shuningdek, Buxoro va Mtsxeta o‘rtasida ikki tomonlama sheriklik aloqalarini o‘rnatish taklif etildi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish dolzarbligini, uning doirasida ilg‘or farmatsevtika mahsulotlari, tayyor qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, shuningdek, alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish bo‘yicha klasterlar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko'rib chiqdilar.
Tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Boku-Tbilisi-Kars transport yo‘lagi va Gruziyaning rivojlangan Qora dengiz porti infratuzilmasidan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Tadbir yakunlari bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, yig‘ilishning Yakuniy bayonnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) qoʻshilishi doirasida Gruziya va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida tovar va xizmatlar bozoriga chiqish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisidagi Bayonnoma imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi