O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpog‘iston iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi yangi bosqichga olib chiqiladi
2023-03-31 | Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini Kegeyli tumanidagi “Aqtuba tekstil” korxonasidan boshladi.
Ilgari bu tumanda sanoat umuman yo‘q edi. Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, hududlararo hamkorlik natijalari bu yerda ham sezilmoqda. Xususan, andijonlik tadbirkorlar bilan birgalikda uchta loyiha ishga tushirildi.
Ulardan biri – “Aqtuba tekstil” yiliga 3 million donadan ziyod trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 500 ta ish o‘rni yaratilgan. Yiliga 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, ishchi ayollar bilan suhbatlashdi. Chekka hududlarda bunday yangi korxonalar ochilayotgani, xotin-qizlar ish bilan ta’minlanayotganining ahamiyatini ta’kidlab, buni davom ettirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Korxonaning o‘zida kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazi tashkil etilgan. Unda yaqin mahallalardagi ishsiz fuqarolar hunar o‘rganib, o‘z yo‘lini topadi.
Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbir avvalida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Beruniy tumanidagi “Beruniy bug‘doy klaster” hamda “Rayhon apparel”, Qorao‘zak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” zavodining 3-bosqichi, Qo‘ng‘irot tumanidagi “KKRasi kemikal”, Nukus shahridagi “Azimut hotel”, To‘rtko‘l tumanidagi “Xozagro” vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi. Bu korxonalarda jami 1 100 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard so‘m, eksportga 20 million dollar qo‘shiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, ushbu yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi rivojlanishning izchil davomi aslida. So‘nggi olti yilda hududda 15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Tadbirkorlar soni 2 baravar ko‘payib, 46 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ilgari sanoati eng past bo‘lgan 6 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, Qoraqalpog‘istondagi ulushi 12 foizga yetgan.
Umuman, bu davrda Qoraqalpog‘istonda sanoat 1,3 baravar o‘sib, 61 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati mahsulotlari tayyorlash 2 baravardan ziyod o‘sgan.
O‘tgan yili 31 avgustda davlatimiz rahbarining “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va katta dastur qabul qilingan edi. Bunga asosan 2023 yilning o‘zida 670 milliard so‘m va 340 million dollar mablag‘lar ajratildi.
Tadbirkorlarga jozibador biznes muhitini yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi. Bu orqali Qoraqalpog‘istonning barcha tadbirkorlari ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m qolayapti.
Faqat ushbu hudud tadbirkorlariga tijorat kreditlarining 75 foiziga Tadbirkorlik jamg‘armasi kafilligi berilishi belgilandi. Bunday imkoniyatlar sohalar rivojiga qo‘shimcha turtki berdi.
– Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijalari barcha tumanlarda ko‘rinayapti va bu ishlar to‘xtamaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbus bildirdi.
Birinchisi, Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Buning uchun alohida Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, unga joriy yilda 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Ikkinchisi, kadastri yo‘q 38 ming uy-joy va ko‘chmas mulklar bo‘yicha tegishli hujjatlar tayyorlab beriladi.
Uchinchisi, aholi talabini inobatga olib, joriy yilda 4 mingta uy-joy quriladi. Bunga qo‘shimcha, zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi.
Yig‘ilishda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qoraqalpog‘istonda 72 ming rasmiy ishsiz bor. Har yili 43 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Shularni hisobga olib, 193 ming ish o‘rni yaratish va Qoraqalpog‘istonni “ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish maqsad qilib qo‘yildi. Bu borada yirik korxona va klasterlar, konchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l va arzon bo‘lishini ta’minlash maqsadida 2022 yilda aholiga 6 ming 600 gektar yer berilgan edi, bu yil yana 6 ming gektar ajratilmoqda. Bu orqali sabzi, piyoz, kartoshka kabi kundalik mahsulotlarga ehtiyoj qoplanadi. Bo‘ston kanalini betonlash hisobiga Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida 100 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. Dala chetlarida 3,6 ming gektarda qovoq, uzum va sabzavot yetishtirib, 42 ming tonna mahsulot olinadi.
Qoraqalpog‘istonda 51 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan 2 baravar ko‘p. 208 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emas. 120 kilometr magistral hamda eng serqatnov 600 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash kerak. Shu bois 9 ta tumanda maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, maktab va shifoxonalarni ta’mirlashga, shu jumladan, issiqlik ta’minotiga qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi taqchilligi choralarini ko‘rish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Qoraqalpog‘istonlik faollar bu marralarni bajarish o‘zlariga bog‘liq ekani, hamma birlashib ishlasa, natijalar yanada yaxshi bo‘lishini ta’kidlashdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘ldi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Qariyb yuz yillik tarixga ega ushbu muassasa san’at rivojida, yoshlar tarbiyasi va aholining madaniy hayotida munosib o‘ringa ega. Oxirgi yillarda teatr joriy ta’mirlanib, asbob-uskunalar yangilandi. 2017 yilda unga akademik teatr maqomi berildi.
Davlatimiz rahbari bu yerda yoshullilar, san’at sohasi vakillari bilan birga badiiy dasturni tomosha qildi.
Qoraqalpog‘istonda ko‘plab millat vakillari ahil va totuv yashamoqda. Dasturda shu jihat ta’sirchan talqinlarda ifodalandi. Xalq dostonlaridan parchalar, “Shag‘ala”, “Dembermes”, “Nigarim” kabi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Alisher Navoiy, Berdaq, Maxtumquli va Abay ijodidan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov qalamiga mansub “Tug‘ishganlik” she’ri va “O‘zbekiston” qo‘shig‘ida millatlararo totuvlik, og‘zibirchilik, tinchlik qadri tarannum etildi.
Prezidentimiz shu yerda qoraqalpog‘istonlik ijodkorlar, madaniyat sohasi vakillari bilan muloqot qildi. Badiiy dasturni yuqori baholadi.
O‘zbek va qoraqalpoqlar ikki tilli bir el. Asrlar davomida birga yashab, do‘st, qarindosh bo‘lib, bir xalqqa aylanib ketgan. Ular bugun mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida hamjihat. Bu nafaqat sahnada, balki hayotimizda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu qadriyatlarni ulug‘lovchi asarlarni ko‘proq qo‘yish, gastrollarga chiqib, yoshlarni teatrga qaytarish, madaniyatini boyitish muhimligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus yoshlar texnoparkini borib ko‘rdi.
Bu majmua yoshlarning iqtidor va ko‘nikmalarini shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Xususan, kompyuter savodxonligi, grafik dizayn, robototexnika, 3D modellashtirish, akseleratsiya kabi 9 ta yo‘nalishda yiliga 1 ming 500 yigit-qiz tahsil olishi mumkin. Buning uchun zamonaviy texnika, laboratoriya va ustaxona uskunalari o‘rnatilgan.
Hozirgi kunda o‘quv kurslari bitiruvchilarining g‘oyalari startap shakliga keltirilib, “Bo‘lajak olim”, “Technoways”, “Start 4 Region” kabi tanlovlarga 50 ga yaqin loyiha topshirilgan. Shuningdek, “Orol dengizining qurg‘oqchil hududida urug‘chilik plantatsiyasini tashkil etish” mavzusida umumiy qiymati 955 million so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu dengizning qurigan tubidagi yerlardan foydalanish, suvni tejash hamda tuzni kamaytirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, ushbu texnopark yoshlarning intilish va g‘oyalarini takomilga yetkazguncha yordam beradi.
Davlatimiz rahbariga yosh fermer va olimlarning quritilgan organik pomidor, oqova suvlarni tozalash va baliqlarga ozuqabop o‘simlik loyihalari haqida ma’lumot berildi. Yashil texnologiyalarga asoslangan bu loyihalar Yevropa davlatlarining sertifikatlariga sazovor bo‘lgan.
Prezidentimiz bu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, amaliyotga kengroq joriy etish kerakligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Nukus shahridagi Altin jag‘is mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerda 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallalardagi manzilli ishlar Altin jag‘isda ham o‘z natijasini bermoqda. Yaqin-yaqingacha bu manzil transportlar borishi qiyin, kommunikatsiya tarmoqlari kamchil joy edi. O‘tgan yili bu yer “Obod mahalla” dasturiga kiritilib, keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yo‘l, elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda gaz tarmoqlari yangilandi.
Mahalla binosi yangidan qurilib, uning atrofida bolalar maydonchalari, tibbiyot punkti, tadbirkorlikka ko‘maklashuvchi markaz, savdo shoxobchasi tashkil etildi. Zamonaviy sport majmuasi qurib bitkazilmoqda. Bunday yaxlit majmua aholiga qulaylik yaratadi.
Davlatimiz rahbari mahalladagi o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirdi, aholi bilan suhbatlashdi.
– Mahallangiz obod bo‘lganini, odamlar yuzidagi rozilikni ko‘rib xursandman. Buni hamma joyda davom ettiramiz. Qoraqalpog‘iston mahallalarini obod qilish, suv, yo‘l, elektr ta’minotini yaxshilash, maktab, bog‘cha va tibbiyot punktlarini qurish va ta’mirlash uchun bu yil 1,5 trillion so‘m berayapmiz. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Muammoni mahallaning o‘zi ko‘tarsin, o‘ziga pul beraylik, o‘zi nazorat qilsin. Shunda sifat va manfaat bo‘ladi. Odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Prezident.
Bu yerda ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rinlari yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Mahallaning yeri unumdor emas. Aholi asosan xizmat ko‘rsatish orqali daromad oladi. Mahallada maishiy xizmat shoxobchalari, tikuvchilik korxonalari, novvoyxona, mebelsozlik va texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalari bor. Kelgusida quyonchilik va baliqchilikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Mahalla bilan tanishish uzoq davom etdi. Davlat rahbari shu yerlik Quo‘anshbay Seytnazarov xonadonida iftorlik qildi.
Yurtimizni Navro‘z shukuhi hali tark etmagan. Prezidentimiz mahalla ahlining sumalak saylida ham ishtirok etdi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.
Manba: O'zA