O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv
2023-03-29 | Siyosat
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni partiya kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
Bugun, 29-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni partiya kotibi Ma Sinjuy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tobora yuqori surʼat bilan rivojlanayotgan O‘zbek-Xitoy aloqalarining bugungi darajaga ko‘tarilishida ikki Davlat Rahbarlari o‘rtasidagi ochiq muloqot, ishonchli va do‘stona munosabatlar asosiy omil bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, Xitoy O‘zbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkoridir. O‘zbekiston “yagona Xitoy siyosati”ni hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qatʼiy kurashni doim qo‘llab-quvvatlaydi.
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va investitsiya hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi ilk bor qariyb 9 milliard dollarni tashkil etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 2140 dan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy yo‘nalishda katta salohiyatga ega ekanini hisobga olib, yangi istiqbolli loyihalar va dasturlarni, jumladan hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot yakunida Toshkent viloyati bilan Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Bosh vazirning Matbuot xizmati