O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb qilinmoqda
2023-03-25 | Yoshlar
Joriy yilning 24-mart kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb qilish hamda ularning bu sohadagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Olimjon Toʻychiyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori B.Musayev, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori M.Mirjamalov, professor-o‘qituvchilar, bo'lim boshliqlari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok ethdi.
Uchrashuv davomida O.To‘ychiyev tomonidan yoshlarning ijodiy, intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularni innovatsion gʻoyalar, startap loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng jalb qilish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishdagi o‘zgarishlar hamda iqtidorli talabalarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi, bunday muhim masalalar esa yangilanayotgan konstitutsiyamizda ham o‘z ifodasini topayotganligi to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘z navbatida, uchrashuv yakunida agentlik direktori talabalarning mazkur sohaga oid turli savollariga javob berish bilan birga, joriy yilning 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishlariga katta ishonch bildirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi