O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo kubogi U-20: O‘zbekiston Janubiy Koreyani yengib, finalga chiqdi
2023-03-16 | Sport
Kecha yurtimizda o‘tayotgan futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogining yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tdi
Ushbu bosqichda O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushdi. Bellashuvning asosiy vaqtida 0:0 hisobi qayd etildi. G‘olib nomi bosh hakam tomonidan belgilangan qo‘shimcha bo‘limlarda ham aniqlanmadi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin g‘olibi nomi penaltilar seriyasidan keyin maʼlum bo‘ldi. Quvonarlisi, terma jamoamiz darvozaboni penaltilar seriyasida raqiblar tomonidan tepilgan to‘pning uchtasini to‘sa oldi. Yakuniy hisob - 3:1, O‘zbekiston foydasiga.
Shu tariqa Ravshan Haydarov shogirdlari Osiyo kubogining finaliga yo‘l olishdi.
Ikkinchi yarim final bahsida Iroq va Yaponiya terma jamoalari kuch sinashdi. Ushbu o‘yinda iroqlik futbolchilar matonat ko‘rsatib kunchiqar yurt vakillarini mag‘lub etishni uddaladi.
Endi, 18-mart kuni soat 19:00 da bo‘lib o‘tadigan final bahsida O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi g‘olibi nomiga aniqlik kiritib oladilar. Uchrashuv poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tаdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi