O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh oʻrganishlar davomida Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati faoliyati bilan tanishdi
2023-03-10 | Jamiyat
Xususan, viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining yangi maʼmuriy binosi oʻtgan yilning dekabr oyida ishga topshirilgan boʻlib, xodimlarning xizmat faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Boshqarmada tashkil etilgan Situatsion markazga viloyat hududidagi 16 ta koʻchalarga oʻrnatilgan tezlikni aniqlovchi fotoradarlar, 13 ta chorraha va 6 ta yoʻl kesishmalarida qoidabuzarliklarni aniqlovchi, jami 100 dona videokuzatuv kameralari integratsiya qilingan. Bundan tashqari JPS qurilmasi bilan jihozlangan xizmat avtomashinalari harakatini bevosita kuzatish yoʻlga qoʻyilgan. Yil yakuniga koʻra viloyatning hududlarida oʻrnatiladigan qoʻshimcha 326 ta videokuzatuv kameralarini integratsiya qilish rejalashtirilgan.
Oʻrganish jarayonida Ichki ishlar vaziri tomonidan respublika jamoat xavfsizligi konsepsiyasi bilan belgilangan vazifalarning ijrosi tanqid qilinib, yoʻllarda inson xavfsizligi uchun munosib sharoitlarni yaratish, yoʻllarning infratuzilmasini takomillashtirish, qoidabuzarliklarni qayd etishning zamonaviy raqamli texnologiyalaridan foydalanishni takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Ishchi guruh tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi hamda ularni barvaqt oldini olish borasida viloyat Huquqbuzarliklarni profilaktikasi boshqarmasi faoliyati bilan tanishildi.
Soha mutasaddilari tomonidan «Shahar va qishloq inspektori» modeli boʻyicha profilaktika inspektori lavozimiga yangi tayinlangan xodimlarga dars mashgʻuloti oʻtish tartibi, profilaktika xizmati xodimlarining ish faoliyatining reyting tizimi hamda xizmatda yuritilishi moʻljallangan elektron dasturlar taqdimoti oʻtkazildi.
Ishchi guruh Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tarixi muzeyida ham boʻldi. Muzeyda yurtimiz, xususan Jizzax viloyati tarixi, shuningdek ulugʻ siymolarga oid maʼlumot va eksponatlar joy olgan. Ayni kunda muzeyda soha tarixiga oid 5 mingdan ortiq eksponat, fotosurat va buyumlar koʻrsatilgan. Shu bilan birga ashyo va eksponatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali olish imkoniyati yaratilgan.
Ishchi guruhning Jizzax viloyatidagi oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi