O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreya Butunjahon sayyohlik yarmarkasi tashkilotchilari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2023-03-09 | Turizm
O‘zbekiston elchixonasida Koreya Respublikasining xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasini tashkil etuvchi – Koreya Butunjahon sayyohlik yarmarkasi (The Korea World Travel Fair- KOTFA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Muzokaralar chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatimizda sayyohlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlar to‘g‘risida atroflicha maʼlumot berildi. Bundan tashqari, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab buddizmning dastlabki rivojlanishi va tarqalishi tarixi bilan bog‘liq ko‘plab tarixiy yodgorliklar mavjud bo‘lgan Surxondaryo viloyatining sayyohlik salohiyati, xususan Qoratepa, Fayoztepa, Dalvarzintepa kabi qadimiy buddaviy yodgorliklari saqlanib qolgan hududlar haqida aytib o‘tildi.
Janubiy Koreya tomoni mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati va qadimiy tariy yodgorliklarini Koreya Respublikasida keng targ‘ib qilish maqsadida joriy yilning 4-7 may kunlari Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan “KOTFA-2023” turistik ko‘rgazmasida milliy stend bilan ishtirok etishni taklif etdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Janubiy Koreya sayyohlik sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarini jalb etgan holda mazkur tadbir doirasida B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish, yurtimizning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan maʼlumotlarni “KOTFA” tomonidan yoritilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish kerakki, 35 yillik tarixga ega “KOTFA” Janubiy Koreyadagi eng yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi hisoblanadi. Unda 70 ga yaqin mamlakat o‘zining turizm imkoniyatlari va madaniyatini namoyish etib kelmoqda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi