O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Vitse-prezidenti Anna Byerde Oʻzbekistondagi islohotlarga yuqori baho berdi
2023-03-09 | Iqtisodiyot
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Vitse-prezidenti Anna Byerde boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Shuxrat Vafayev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov va Markaziy bank raisi o'rinbosari Behzod Hamroyevlar ishtirok etishdi.
Dastavval, tomonlar Jahon banki bilan hamkorlikda inson kapitalini rivojlantirish, gender tenglik masalalari, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash kabi muhim yoʻnalishlar bo‘yicha islohotlar yuzasidan fikr almashdilar. Jahon bankining mintaqadagi strategik, tahliliy, axborot va operatsion ishlari yuzasidan amalga oshirilgan loyihalarga to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv davomida Jahon banki bilan bevosita hamkorlikda xususiy sektorni rivojlantirish, investorlarga sharoit yaratish va xususiylashtirish, kapital bozorini rivojlantirish, yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, energetika bozorini rivojlantirish va energosamaradorlikni oshirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan loyihalarning joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi