O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya taʼlim forumi boʻlib oʻtmoqda
2023-03-03 | Ta’lim
Joriy yilning 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Vestminster universiteti va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) hamkorligida Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya taʼlim forumi boshlandi.

Ikki kun davom etishi rejalashtirilgan xalqaro tadbir ikki davlat rasmiylari, mahalliy va xorijiy universitetlardan taklif etilgan delegatlar, xususiy sektor, xalqaro agentlik hamda tahlil markazlari vakillari ishtirokida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha fikr, bilim va tajriba almashish uchun platforma vazifasini bajarmoqda.
Tadbirning birinchi kunida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oʻzbekistondagi taʼlim sohasida amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan taqdimot qilinib, “Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston oliy taʼlim kontekstida sifat kafolati” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Anjuman davomida Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya transmilliy taʼlim (TNE) sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ustuvor vazifalarni belgilash, oliy taʼlim sifati va brendini yanada mustahkamlash uchun ilgʻor tajribalardan foydalanish, sifatni taʼminlash, oʻz-oʻzini baholash yondashuvlari, shuningdek, ilmiy, amaliy tadqiqotlar olib borishda universitet yoki texnologiyalar transferi boʻyicha Buyuk Britaniya tajribasini oʻrganish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Forum oʻz ishini 3-mart kuni ham davom ettiradi. Unda “inklyuziv oliy taʼlim” va “ish beruvchi, biznes, sanoat va bitiruvchilarni jalb qilish” boʻyicha ilgʻor tajribalar muhokama qilinadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi