O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“KOFIH” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda tibbiyot yoʻnalishida yangi loyihalar amalga oshiriladi
2023-02-14 | Sog‘liqni saqlash
Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Koreya xalqaro sogʻliqni saqlash jamgʻarmasi (KOFIH) Prezidenti Kim Chan Yop bilan muloqot oʻtkazdi.

Doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, KOFIH — Koreya Respublikasining sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi jamgʻarma boʻlib, bugungi kunda mazkur tashkilot dunyoning qator mamlakatlarida tibbiyot tizimini rivojlantirish boʻyicha ilgʻor loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda ham ushbu jamgʻarma tomonidan sogʻliqni saqlash hamda tibbiyot kadrlarini tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar yurtimizda shoshilinch tibbiy yordam, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Birgina Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning Samarqand hududiy filialida “Shifoxonagacha shoshilinch tibbiy yordam xizmati salohiyatini oshirish” grant loyihasi doirasida simulyatsion markazlarning tashkil etilishi aholiga ushbu yoʻnalishda koʻrsatilayotgan xizmat sifatini yanada yaxshilashga zamin yaratdi.
Shuningdek, Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish instituti hamda KOFIH hamkorligida Toshkent shahri, Samarqand va Andijon viloyatlarida istiqomat qiluvchi ayollar oʻrtasida odam papilloma virusini aniqlash va bachadon boʻyni saratoni kasalligi diagnostikasini takomillashtirish boʻyicha pilot loyiha yoʻlga qoʻyildi.
Poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida mamlakatimiz Prezidenti topshirigʻiga asosan tibbiyot sohasida boshqaruv yoʻnalishida kadrlar salohiyati va malakasini oshirish hamda u orqali bolalar salomatligini yanada mustahkamlash borasida joriy etilgan yangiliklarni ham ikki tomonlama hamkorlikning samarasi, deya baholash mumkin.
Uchrashuvda “Shifoxonagacha shoshilinch tibbiy yordam xizmati salohiyatini oshirish” loyihasining 2-bosqichini amalga oshirish, Toshkent tibbiyot akademiyasida yuqori texnologiyali muolajalarga ixtisoslashgan malakali kadrlarni tayyorlash hamda ayollar orasida odam papilloma virusini aniqlash va bachadon boʻyni saratoni kasalligi diagnostikasini takomillashtirish boʻyicha ishlarni mutlaqo yangicha ruhda va yanada samarali mexanizmlar asosida davom ettirishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg`liqni sаqlаsh vаzirligi