O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yiligiga bag‘ishlangan adabiy tadbir o‘tkazildi
2023-02-14 | Madaniyat
O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, olim va shoir, shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligiga bag‘ishlangan adabiy tadbir o‘tkazildi
O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan mazkur tadbirda ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, Xanguk chet tillari universitetida o‘zbek tili yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan mahalliy talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va beqiyos adabiy-ilmiy merosi haqida so‘z bordi. Xususan, buyuk bobokalonimiz tomonidan yaratilgan nodir, bebaho ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, insoniyat tafakkurining, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod maʼnaviyatining yuksatirishdagi o‘rni va roli nihoyatda muhim ekanligi taʼkidlandi. Bobur hayoti va ijodi, o‘lmas asarlari, boburiylarning Hindiston taraqqiyotidagi o‘rni va roli alohida qayd etildi.
Boburning betakror sheʼriyati, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal maʼlumot beruvchi, insonni komillikka undovchi asarlari yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga egaligi aytildi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda buyuk alloma va mutafakkirlarning ijodiy merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz maʼnaviy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘lgani alohida qayd etildi.
–Bobur sheʼrlarida o‘z davrining tarixiy hodisalari, atrof-muhit, insonga bo‘lgan munosabat, din, davr anʼanalari voqeʼlik ila aks etgan, – deydi O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Yelena Chuyanova. – Bobur sheʼrlarini - shoirning tarjimayi holi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U orqali ijodkor shoirona til orqali teran tuyg‘ularni bayon qilgan, hayotiy hodisalar to‘qnashuvi natijasida hosil bo‘lgan tashvishlarni mohirona so‘zlagan. Bundan tashqari, ulug‘ bobomizning adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari bizga tariximiz haqida boy maʼlumotlar berish bilan birga, o‘sha davr yozma manbaalarini o‘rganishimizda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirda vatandoshlarimiz va Janubiy koreyalik talabalar tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur ijodidan namunalar o‘qildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi